O‘zbekiston qonunlarini qo‘pol ravishda buzib kelayotgan telekanallar nomi ma’lum qilindi

Kecha O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan “Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining bugungi faoliyati va istiqboldagi vazifalari” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar bermoqda UZ24 nashri.

Foto: Uzbekistan 24

O‘zMAA taqdim etgan anjuman Press-relizida qayd etilishicha, ayrim respublika teleradiokanallari faoliyatida qonunbuzilish holatlari kuzatib kelinmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi “Denov-ATR”, Buxoro viloyatidagi “G‘ijduvon-TV”, Jizzax viloyatidagi “Jizzax TV2” telekanallari, Andijon viloyatidagi “Diydor FM” radiokanali, “Taraqqiyot” telekanali faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni 5-moddasi doimiy qo‘pol ravishda buzib kelingan.

Nomlari keltirilgan tele va radiokanallar so‘nggi yillar davomida, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunni qayta-qayta qo‘pol ravishda buzib kelishgan. Agentlik tomonidan ularga ogohlantirishlar, taqdimnomalar yuborilgan. Lekin bular kor qilmasdan, yoshlarga, o‘zbek mentalitetiga zid bo‘lgan raqsbop tarona-yu, ko‘ngilochar filmlarni qo‘yib eshittirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish niqobi ostida madaniyatsizlikni targ‘ib qilish, shahvoniy tuyg‘ularga erk berish kabi holatlar davom etgan.

Latest from Blog