O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki prezidentini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Foto: Getty Images

Davlat rahbari Jahon banki O‘zbekistonning ishonchli va strategik sherigi ekanini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilingani, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalari asosida valyuta sohasida bozor mexanizmlari joriy etilgani, savdodagi turli to‘siqlar olib tashlangani, ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yanada yaxshilanayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti ushbu islohotlarni amalga oshirishda Jahon bankining ulkan tajribasi qo‘l kelishi, O‘zbekiston bank bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistonda samarali mikromoliyalash tizimini joriy etish, irrigatsiya-drenaj va yo‘l-transport infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, agrosanoat kompleksini rivojlantirish va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Jahon banki prezidenti O‘zbekistonda bank-moliya tizimini takomillashtirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar biznes rivojiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Muloqotda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar, istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Latest from Blog