O‘zbekiston Prezidenti 11−13-may kunlari Xitoyga tashrif buyuradi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11−13-may kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘ladi, deb xabar qildi O‘zA.

XXR Raisi Si Szinpin, Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi Raisi Chjan Detszyan va boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlarda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etiladi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.

Tashrif dasturida davlat rahbarining Xitoyning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda o‘zaro foydali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14−15-may kunlari Pekin shahrida “Bir qutb, bir yo‘l” xalqaro forumida ishtirok etadi.

Latest from Blog