Foto: Аргументы и Факты

O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qildi

/

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 18-mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2021-yil 29-mayda maʼqullangan edi.

Konvensiya quyidagi bayonot va qoʻshimcha shart bilan ratifikatsiya qilindi:

“Oʻzbekiston Respublikasi nogironligi boʻlgan shaxslar oʻz hayotining barcha sohalarida boshqalar bilan teng ravishda huquq layoqatiga ega ekanligini tan oladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konvensiya tegishli holatlarda va qonunga muvofiq nogironligi boʻlgan shaxslarning qoʻllab-quvvatlashdan foydalanishini hamda qarorlar qabul qilish mexanizmlarini almashtirishni taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrishga, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarning muomala layoqatini cheklashga yoʻl qoʻyadi deb tushunganligini maʼlum qiladi.

Konvensiyaning 12-moddasi nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan qarorlar qabul qilishning oʻrnini bosuvchi mexanizmlarning bekor qilinishini talab etadigan modda sifatida talqin etilishi mumkin boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi tegishli sharoitlarda hamda lozim darajadagi va samarali kafolatlarga rioya etish sharti bilan ushbu mexanizmlardan foydalanishni davom ettirish huquqini oʻzida qoldiradi”.

Oʻzbekiston Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani 2009-yilning 27-fevralida imzolagan, biroq haligacha uni ratifikatsiya qilmagan edi. Nogironlarning nodavlat tashkilotlari vakillari uzoq vaqt davomida bir necha marta ushbu hujjatni ratifikatsiya qilishning zarurligi toʻgʻrisida eslatishdi.

2017-yil oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Hujjatda BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amaliy choralarni koʻrish topshirildi.

Joriy yilning yanvarida Oʻzbekistonda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi yangi qonun kuchga kirdi.

Latest from Blog