O‘zbekiston-Eron biznes-forumida qator hujjatlar imzolandi

O‘zbekiston delegatsiyasi Eron ishbilarmonlarini hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish, loyihalarni birgalikda amalga oshirishga chaqirdi. 18-oktabr kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Eron biznes-forumida O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi ishtirok etdi.

Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, forumda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov, Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, «O‘zbekneftgaz» AJ raisi Alisher Sultonov va O‘zbekiston delegatsiyasining boshqa a’zolari so‘zga chiqdi. Eron hukumati nomidan so‘zga Eron sanoat, konlar va savdo vazirining o‘rinbosari Mojtaba Xosravtaj chiqdi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston delegatsiyasining Tehron shahriga tashrifi sentabr oyida Ostona shahrida Islom hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida tashkil etilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Eronga tashrifi doirasida va biznes-forum natijalari bo‘yicha bir qator o‘zaro manfaatli hujjatlar, xususan 7,5 mln AQSh dollarilik ahdlashuv bayonnomasi, shuningdek, 25,5 mln AQSh dollarilik qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Latest from Blog