Foto: Dr.M.Naeem / Twitter

O‘zbekiston elchisi Afg‘oniston TIV rahbari bilan aviaqatnovlarni tiklashni muhokama qildi

/

Oʻzbekistonning Kobuldagi elchisi Yodgorxoʻja Shadmonov “Tolibon” Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan Mavlavi Amir Xon Mottakiy bilan uchrashdi. Bu haqdagi xabar 1 oktyabr kuni afgʻon tashqi siyosat mahkamasi rasmiy vakili Muhammad Naim tomonidan Tvitterga joylashtirildi.

“Uchrashuv mobaynida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni, shuningdek, Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qilish hamda Toshkent va Kobul oʻrtasidagi parvozlarni qayta tiklash masalalarini muhokama qilishdi. Parvozlar boshlanishi haqida ijobiy suhbat boʻldi”, — deyiladi xabarda.

Unda, shuningdek, Mottaki Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi diplomatik missiyasi rahbariga minnatdorchilik bildirgani, mamlakatlar oʻrtasidagi “ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga chaqirgani”ni taʼkidlanadi.

17-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida Afgʻonistonning yangi hukumati bilan muloqot oʻrnatishga chaqirib, chet el banklaridagi afgʻon aktivlarini qaytarishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev 21-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida qilgan nutqida “hozirgi qiyin davrda Afgʻonistonning izolyatsiyasiga yoʻl qoʻymaslik va uni mavjud katta muammolar bilan yolgʻiz qoldirish kerak emasligini” maʼlum qildi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, Afgʻoniston masalasida “BMTning rolini kuchaytirish kerak va uning ovozi har qachongidan ham balandroq yangrashi lozim”.

Latest from Blog