O‘zbekiston delegatsiyasi para-atletika bo‘yicha jahon chempionatida 7ta medalni qo‘lga kiritdi

14-23-iyul kunlari Britaniya poytaxti London shahri para-atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi. Unda yetti nafar o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etib, yakunda yettita medalga sazovor bo‘lishdi, deb xabar qiladi MOQ matbuot xizmati.

Foto: olympic.uz

Musobaqaning so‘nggi kunida ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Sofiya Burxanova 14.76 metr, erkaklar o‘rtasida esa Xusniddin Norbekov 14.87 metr natija bilan kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.

Bunga qadar nayza uloqtirish bo‘yicha Aleksandr Svechnikov, uzunlikga sakrash bahslarida Doniyor Soliev, disk uloqtirish bo‘yicha Xusniddin Norbekovlar shohsupaning eng yuqori qismidan joy olib, oltin medallarga egalik qilishgandi. Nozima Qayumova nayza uloqtirish, Sofiya Burxanova esa disk uloqtirish bahslarida kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.

Shu tariqa jahon chempionatida O‘zbekiston delegatsiyasi jami yettita medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar tomonidan bittadan jahon va Osiyo rekordlari yangilandi.

O‘zbekiston delegatsiyasi 26-iyul kuni Toshkentga qaytib keladi.

Latest from Blog