O‘zbekiston «Biznesni yuritish» reytingidagi o‘rnini yaxshilashni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston hukumati Jahon bankining «Biznesni yuritish» (Doing business) hisobotidagi mamlakat reytingini yaxshilashni mo‘ljallamoqda. Mazkur hisobot mamlakatlardagi tadbirkorlik faoliyati va mulk huquqini himoya qilish uchun huquqiy me’yorlarning maqbulligini baholash uchun har yili e’lon qilinadi.

Foto: World Bank Group

Hukumatning muhokama uchun e’lon qilgan shu haqdagi qarorida qayd etilishicha, O‘zbekistonda biznesni yuritish bo‘yicha mavjud sharoitlar xalqaro me’yorlarga to‘laqonli javob bermaydi. Davlat organlari rahbarlari va xodimlari tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik talablarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni yetarli darajada amalga oshirayotgani yo‘q.

Loyihada O‘zbekistonning «Biznesni yuritish» reytingidagi o‘rnini oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha doimiy faoliyat olib boruvchi mahkamalararo komissiyani tashkil etish taklif etilgan. Savdo-sanoat palatasi komissiya ishchi organi bo‘lishi lozim.

Komissiyaga biznesni yuritish uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha choralarni tatbiq etish bilan bog‘liq masalalarda davlat organlari bilan samarali aloqalarni ta’minlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni tahlil qilish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, biznes uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotgan davlat organlari rahbarlarga javobgarlik choralarini qo‘llash bo‘yicha takliflarni kiritish kabi vazifalarni yuklash taklif qilinmoqda.

Rejalashtirilgan tadbirlar tufayli «Biznesni yuritish» hisobotidagi O‘zbekiston reytingini har yili 10 pog‘onaga yaxshilab, 2017 yildagi 80-o‘rindan 2021 yilda 40-o‘ringa olib chiqish taxmin qilinmoqda.

Hujjatda Savdo-sanoat palatasiga Toshkent hokimiyati bilan hamkorlikda «Biznesni yuritish» hisoboti yo‘nalishlari bo‘yicha qonunchilik talablarini amaliyotga tatbiq etish va amalga oshirilayotgan choralar samaradorligini belgilab olish uchun eng kamida 100 ta tadbirkorlik sub’ekti o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazib borish taklif qilingan.

Shuningdek, Jahon bankiga Samarqand va Namangan viloyatlarida alohida submilliy hisobot ko‘rinishidagi tadbirkorlik muhiti holatini baholash va mazkur hisobotda O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish uchun «Biznesni yuritish» ekspert jamoasini yuborish so‘rovini yuborish ham takliflar qatoridan o‘rin olgan.

Latest from Blog