O‘zbek tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi – Abdulaziz Komilov

//

7-oktyabr kuni Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afgʻoniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Tomonlar mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afgʻoniston xalqiga gumanitar va boshqa turdagi yordam koʻrsatish boʻyicha saʼy-harakatlar, shuningdek, mamlakatda energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.

“Avvalambor, biz afgʻon birodarlarimizdan kuchli va aniq kafolatlarni oldik. Birinchidan, ular “hech qachon Afgʻoniston zaminidan Oʻzbekistonga qandaydir xavf, qandaydir tahdid chiqishiga yoʻl qoʻymaymiz” degan vaʼdani berishdi.

Ikkinchidan, kun tartibida koʻp iqtisodiy masalalar muhokama qilindi. Yaqin orada ishchi guruhlar Termizda yigʻilishadi va masalalar hal qilinadi. Kelajakda juda koʻplab loyihalar bor. Shulardan biri temir yoʻl qurilishi — Mozori Sharifdan Kobulgacha, u yerdan Peshovargacha.

Yaqinda Oʻzbekistonda oʻtgan xalqaro anjumanda bu masala ham muhokama qilingan, koʻp davlatlar va xalqaro tashkilotlar buni maʼqullagandi. Ana shu masalalar boʻyicha fikr almashdik, oʻylaymizki, kelajakda bu ikki bir-biriga yaqin davlatlar doʻstona aloqalarni yanada kuchaytirib, hamkorlikni yanada rivojlantiradi”, degan vazir Bakhtar News Agency tomonidan tarqatilgan videoda.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusuf Qobuljonovning telegramdagi kanalida Komilovning toliblar Afgʻonistonda oʻzbek tili rivojlanishiga ham kafolat bergani haqidagi gaplarini keltirgan.

“Afgʻoniston zaminida uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib kelayotgan oʻzbek vatandoshlarimizning tili va madaniyati Afgʻonistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi”, deyiladi iqtibosda.

Avgust oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda “Tolibon” harakati Afgʻonistonda oʻzbek tilini oʻrganishni maktab dasturidan chiqarib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan, koʻp oʻtmay Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu maʼlumot yuzasidan rasmiy bayonot berib, bu haqidagi xabarlar asossiz ekani, “Tolibon” vakili oʻzbek tili, pushtu va dariy tillari bilan bir qatorda, bundan buyon ham Afgʻonistonning rasmiy tillaridan biri boʻlib qolishini tasdiqlagani haqida maʼlum qilgandi.

Latest from Blog