O‘zbek milliy ipakchilik san’atiga bag‘ishlangan kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

30-avgust kuni «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida «O‘zbek ipagining gulgun fasli» nomli kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘zbek milliy to‘quvchilik maktabi va ipakchilik san’atining kelib chiqish tarixi haqida so‘z bordi.

Taqdimot marosimida madaniyat, san’at, fan arboblari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Mazkur kitob Islom Karimov nomidagi Fond tomonidan O‘zbekistonning UNESKOdagi vakolatxonasi hamkorligida nashr etilgan.

Yangi kitob to‘rt tilda (o‘zbek, rus, ingliz va frantsuz) chop etilgan bo‘lib, unda milliy ipakchilik an’analari haqida hikoya qilinadi. Bu asarni bir so‘z bilan milliy ipakchiligimiz haqidagi betakror solnoma deb atash ham mumkin.

Kitobni varaqlar ekansiz, milliy gazlamalarning kelib chiqish tarixi, atlas, adras, beqasam, shoyi kabi matolarning ta’rifi, shuningdek, qiziqarli ma’lumotlarga guvoh bo‘lasiz. Shuningdek, har bir mavzu rang-barang suratlar bilan uyg‘unlashgani kitobxonda katta qiziqish uyg‘otadi.

«Ikat» uslubidagi ko‘hna to‘quvchilik hunari avloddan avlodga o‘tib kelayotgan mo‘tabar omonat o‘laroq bebaho madaniy boyligimiz sanaladi. Betakror va benazir ipakchilik maktabi asrlar davomida nash’u namo topdi. Milliy hunarmandlar o‘zbek xalqining chinakam madaniy boyligi – ipakchilik usullari va an’analarini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgani tahsinga sazovor», dedi O‘zbekistonning UNESKOdagi doimiy vakili Lola Karimova-Tillayeva taqdimot marosimida.

Shuningdek, Lola Karimova-Tillayeva ushbu risolani tayyorlashda o‘z hissasini qo‘shgan O‘zbekistonning UNESKOdagi vakolatxonasiga, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori Akbar Hakimov, san’atshunoslik fanlari nomzodi Shahlo Abdullayeva, o‘zbek ipakchilik an’analarini qayta tiklagan mohir usta Rasul Mirzaahmedov va boshqalarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Latest from Blog