Otabek Bakirov: Davlat organlari rahbarlari tayinlanishi emas, saylanishi kerak

7 daqiqada oʻqiladi

Bugungi suhbatimiz iqtisodchi, ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodiy sharh va tahlillar berib boruvchi Bakiroo kanali asoschisi Otabek Bakirov bilan. Ular bilan 2020yilning birinchi yarim yilligidagi eksport va import, yangi tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, pandemiya sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyoti va MChJlarga obligatsiya chiqarish huquqining berilishi haqida gaplashamiz.

Бакиро
foto: сhaqchaq

Korrespondent.uz: Tasavvur qiling: siz Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga direktor bo‘lib o‘tdingiz. Agentlikning hozirgi huquq va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ishni nimadan boshlardingiz?

Otabek Bakirov: Davlat organlarida ishlashim ehtimolini men o‘zim uchun shunday tasavvur qilaman: qachonki davlat organlaridagi lavozim saylab qo‘yiladigan lavozim bo‘lsagina ishlashim mumkin. Ya’ni, tayinlanish orqali emas, vakolatni saylovchilardan olish lozim bo‘lgan lavozimdagina ishlash haqida o‘ylab ko‘rish mumkin. Davlat organlari rahbarlari tayinlanishi emas, saylanishi kerak. Hozirgi sharoitda tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini saylab qo‘yiladigan shaxs boshqarmaydi, Prezident tomonidan tayinlanadi, parlamentga va prezidentga hisobdor. Shu sababli men nafaqat bu agentlikda, umuman mavjud bo‘lgan davlat organlarining birortasida  ishlashimni ham tasavvur qila olmayman. Agentlikning oldiga qo‘yilgan vazifalar, unga berilgan vakolatlar bir-biriga mutanosib yoki yo‘qligi haqida gap ketmayapti. Bu alohida savol, unga ham javob berib o‘taman. Fikrim bo‘yicha, O‘zbekistonda bunday agentlikka katta zaruriyat bor edi. Chunki davlatning iqtisodiyotdagi roli nihoyatda katta, amaldorlar mablag‘larining taqsimoti va bozorga aralashuvi haddan ortiq yuqori. Bunday sharoitda korrupsiya elementlari yuzaga kelaveradi. Buni tiyib turish uchun parlament va matbuotning o‘rni uncha yuqori emas. Amaldorlar daromadlari, mulki, xarajatlarini deklaratsiyalash tizimiga hali kirib ulgurganimiz yo‘q. Zaruriyat haqida gapirsak, 2016-yilda yangi davr boshlangandayoq bunday agentlik tuzish kerak edi. Lekin fikrimcha, bu organ siyosat, maslahat, yo‘nalish belgilab berish bilan cheklanadigan agentlik bo‘lib qoladiganga o‘xshaydi. Navbatdagi maslahatchi organlardan biri. Ya’ni, aqlli gaplar gapiriladi, “biz korrupsiyaga qarshimiz”, “korrupsiyani yengmasak, iqtisodiy taraqqiyot bo‘lmaydi” kabi hammaga yoqadigan, chiroyli gaplarni gapiradigan organga aylanib qoladigandek. Asosiy kamchilik, mening nazarimda shundaki, unda  tergov, ish qo‘zg‘atish funksiyasi yo‘q.  Boshida – agentlik tuzish haqida gaplar boshlanganida prokuratura, soliq va valyutaga qarshi kurashish departamentining qator funksiyalari shu agentlikka o‘tkaziladi va agentlik ayni bir paytda ham moliyaviy nazorat, ham kuchishlatar organga aylanadi, deb o‘ylagan edim. Korrupsiya tizimga aylanayotgan hozirgi sharoitimizda maslahat organidan ko‘ra repressiv organ ko‘proq kerak edi. 2016-yildan buyog‘iga korrupsiyaga qarshi kurash haqida qancha ko‘p gapirilgan sari  muayyan, kuchli jazo yo‘qligi uchun yangi elita miqyosidagi chinovniklarning qamalganini, javobgarlikka tortilganini eshitmadim, ko‘rganim ham yo‘q. Asosan, quyi qatlam: o‘qituvchi, shifokorlar; o‘rta miqyosdagi davlat organi xodimlari, soliqchilar, mayda korrupsion ishlarga aralashgani ko‘p gapirilyapti, jazoga tortilyapti, ammo yuqoriroq darajada korrupsiya hosil qiladigan qonun-qoidalar darajasida korrupsiya masalalariga to‘xtanilgani yo‘q. Mamlakat miqyosida rezonans beradigan masalalar bor: yirik aktivlar nol qiymatda ishonchli boshqaruvga berilmoqda, yoki nol qiymatdagi aktivlar, yer uchastkalari kelib chiqishi noma’lum, savollar tug‘diradigan biznes subyektlariga topshirilmoqda. Yuqori darajadagi vakolat egalari o‘zining affillangan biznes strukturalari manfaatlari uchun qarorlar chiqarmoqda yoki ularning foydasiga ochiqdan-ochiq lobbizm harakatlari ko‘rinib qolmoqda. Birinchi navbatda, o‘z-o‘zidan shu sanalganlar yangi tuzilgan agentlikning tekshiruv obyekti bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.  Lekin yangi agentlik chiroyli lozunglarni kun tartibiga tashlab turadigan organ bo‘lib qoladi xolos, degan qo‘rquvim ustuvorroq.

Korrespondent.uz: Yaqinda e’lon qilingan tashqi savdo statistikasi (yanvar-iyun oyi)da eksportning 42 foizi oltin hisobiga to‘g‘ri keldi, 2019-yil yanvar-dekabrda oltinning eksportdagi ulushi 27,5 foizni tashkil qiladi. Oltinning eksportdagi ulushining bunday oshib borishi mamlakat iqtisodiyotida qanday ahamiyatga ega? Fikringiz?

Otabek Bakirov: Bu masalada eng muhim jihat bizning eksportimizda diversifikatsiya yo‘q ekanligi. Ya’ni 2016-yildan keyin qo‘yilayotgan vazifalardan bittasi eksport hajmini nafaqat oshirish, balki uni diversifikatsiyalash- eksportning bitta manbaga bog‘liq bo‘lib qolmasligini ta’minlash hisoblanardi. Bitta eksport tovariga bog‘liq bo‘lib qolgan mamlakatning iqtisodiyoti – tovarning (ayniqsa xom-ashyo bo‘lgan tovarning) jahon narxlarida o‘zgarishlar yuz berganida qiyin ahvolga tushib qolaveradi. Misol uchun, Qozog‘iston, Rossiyada neft va gazning narxiga bog‘liqlik haddan tashqari yuqori. Bizda oxirgi 3 yil ichida oltinga bog‘liqlik darajasi juda yuqori bo‘lmoqda va bu bog‘liqlik kamayish o‘rniga ortib boryapti. Agar oltin faktorini olib tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan 2019-yildagiga nisbatan eksport darajasi sezilarli kamaygan. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, olti oy davomida eksport hajmi 23 foizga kamaygan bo‘lsa, oltin faktorini olib tashlaydigan bo‘lsak, eksportimiz undan ham kamaygan. Eksportning tarkibida oltinning mavjudligi va katta ulushga egaligi real vaziyatning naqadar murakkab ekanligini ko‘rishga xalaqit ham beradi. Hozirgi sharoitda bu narsa aniq holatni bilishdan chalg‘itadi. Diversifikatsiya nuqtai nazaridan oldimizda qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligini ham ko‘rsatadi. Ikkinchi tarafi ham bor: oltin nafaqat hozirgi krizis sharoitida, balki har qanday holatda ham “xavfsizlik yostiqchasi”dir. Bundan biz qanday foydalanayotganimiz yana bir masala. Fikrimcha, hozirgi sharoitda eksport darajasini yoki hajmini saqlab qolish uchun oltin eksport qilish darajasini oshirmay, uni zaxirada ushlaganimiz yaxshi. Chunki oltinni ishlatib salbiy savdoni muvozanatlab, kamaytirib turgandan ko‘ra oltinni ishlatmasdan importni boshqa vositalar orqali kamaytirganimiz maqsadga muvofiq. Importni bozor instrumentlari orqali kamaytirish yoki ayrim pozitsiyalar orqali maqsadli tartibga solish yo‘lidan yurish kerak bo‘ladi. Chunki krizis paytida bizga hozir investitsion tovarlar zaruriyati yuqorimas ya’ni texnologiya, asbob-uskunalar sotib olinishi biz uchun nihoyatda hayotiy zaruriyatga ega emas. Hayotiy zaruriyatga ega bo‘lgan narsalar import tarkibida asosan, oziq-ovqat, iste’mol tovarlari bilan bog‘liq bo‘lgan narsalardir.

Korrespondent.uz: Oltin eksportining 2016-yilgacha bo‘lgan davrdan ko‘ra  oxirgi to‘rt yilda bosqichma –bosqich oshirishning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

Otabek Bakirov: Bu hozir investitsion chanqoqlik yuqoriligi uchun deb izohlanyapti. Investitsion chanqoqlik bu – O‘zbekiston uzoq yillar davomida tashqi dunyoga ochilmagan, katta miqdorda investitsiyalar amalga oshirilmagan, hozirda faollik nihoyatda yuqori, investitsiyalar kiritish bilan bog‘liq loyihalar (uning samaradorligi yoki samarasizligi boshqa masala) ko‘pligidir. Misol uchun yillik importimiz o‘tgan yil 23- 24 mlrd atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 4 yil oldin import hajmi, hattoki norasmiy importni hisobga olsak ham 13- 14  mlrdga teng bo‘lgan. O‘zbekistonga kelayotgan tovarlar: bular texnologiyalar,  zavod fabrikalarni yaratish bilan deb izohlashyapti.  Mas’ul doiralarning nazdida O‘zbekistonning iste’mol talabi ortgani uchun import oshmayapti, balki O‘zbekistonga investitsiyalarning haddan tashqari yuqoriligi uchun deb izohlashyapti. Mening izohim esa umuman boshqacha: importning haddan tashqari yuqoriligiga izoh bu O‘zbekistondan kapitalni olib chiqib ketish bilan bog‘liq. Ya’ni iqtisodiyotda davlatning roli haddan tashqari katta, shu tufayli juda ko‘p loyihalarda davlat ulushi yuqori.  Xitoy, Koreya,  Rossiya kabi davlatlardan olib kelinadigan investitsion tovarlarlarning importida otkat darajasi juda yuqori va bu yanada yuqorilamoqda. Masalan, 10 million dollarlik mahsulot 15-16 million, hatto 20 million dollarga sotib olinyapti. Kuni kecha guvohi bo‘lingan narsa: masalan, hozirgi pandemiya sharoitida kislorod konsentratorlariga talab ortmoqda. 300-400 dollarlik mahsulotni bir necha barobar qimmatiga olib kelishyapti.

Korrespondent.uz: O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar 3,2 mlrd dollarni tashkil qilganini iqtisodchi Bekzod Hoshimov quvonarli deb atadi. O‘rtaga buning siri nimada degan savol tashlangan. Siz bu borada nima deb o‘ylaysiz?

Otabek Bakirov: Aslida, Bekzod Hoshimov “buning siri nimada” deb kinoya ma’nosida yozgan nazarimda. O‘zbekistonda bu yilning olti oyi davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya 3,2 milliardni tashkil qilgani o‘zi bir katta savol. Negaki, bu sonlarni Statistika qo‘mitasi emas, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bermoqda. Rasmiy statistikalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 1 milliard dollar atrofida aslida. Buni Statistika qo`mitasi e`lon qilgan. Shu raqamlar chiqqanida men hattoki 3,2 milliard dollarlik investitsiya bo‘lgan bo‘lsa, bizga – soliq to‘lovchilarga 10 ta top xorijiy to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyani sanab bering: qaysi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga shu investitsiyalar kiritildi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqchi edim. Shu savolga javobning yo‘qligini o‘zi bu raqamning savol ostiga qo‘yadi.

Korrespondent.uz: Olti oy ichida import tarkibida sement importining 2,5 barobarga qisqarishi alohida o‘ringa egaligi haqida o‘z blogingizda yozibsiz.  Bir intervyungizda aynan sement importiga oid o‘ylanmay qaror qilingan, keyinchalik bekor bo‘lgan qoidalar haqida gapirgandingiz. Bekor bo‘lgan qoidaning “saqlanib qolgan strategiya”si importda sement ulushining qisqarishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi? Yoki bunga mutlaqo boshqa sabablar bormi?

Otabek Bakirov: May oyida hukumat qarori bilan sement importi to‘xtatib qo‘yilgandi, bizga sement asosan Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Tojikistondan import  qilinadi. Ularning sement zavodlarini ko‘radigan bo‘lsangiz, bu zavodlar O‘zbekistonga sement sotish uchun qurilgan. Bu albatta, O‘zbekistonda hozirda qurilish hajmi, miqyosi nihoyatda kattaligi uchun. Sement importi 2,5 barobarga kamaygani alohida o‘ringa ega deganda hukumatning sement importini to‘xtatib qo‘yish qarori noto‘g‘ri bo‘lgani nazarda tutilgan edi. May oyidan boshlab bir-bir yarim oy rasman hukumat farmoyishi bilan sement importi to‘xtatib qo‘yildi, natijada O‘zbekistonda sementning narxi 1,5-2 barobarga oshib ketdi. Ya’ni shu qarordan O‘zbekistonning o‘zi yutqаzdi. May oyida sement importi bekor bo‘lgach, iyun oyida hukumat xatosini tan olib sement importiga ruxsat berdi. Sement importi shunday narsaki, uni sotib olib sertifikatsiyadan o‘tkazguncha va kirib kelguncha 100-150 kun vaqt o‘tib ketadi. Importchi hozir Qirg‘izistonga pul chiqarib sement buyurtma qilsa, mahsulot kuz oylarining o`rtalariga qarab keladi. Bu narx oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Qarorning noto‘g‘riligini yana boshqa masalalar ham ko‘rsatib berdi: qancha sement import qilinmadi, qancha bojlar byudjetga tushmadi va davlat bu tomondan ham yutqazdi, ham ichkarida narxlar oshdi, qurilish kompaniyalarining o‘zi ham zarar ko‘rdi.

Korrespondent.uz: MChJlarga obligatsiya chiqarish huquqini berish borasida fikringiz qanday?

Otabek Bakirov: MChJlarga obligatsiya chiqarish huquqini berish qonunchilikka o‘zgartirish kiritish tufayli ro‘y berdi. O‘zbekistonda 300 dan ortiq aksiyadorlik jamiyati bor, ilgari obligatsiyalar faqat aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqarilgan. Obligatsiya chiqarish, chiqarmaslik xo‘jalik yuritish subyektining faoliyat yuritish tizimiga (MChJ, aksiyadorlik jamiyati) bog‘liq emas. Bizda obligatsiyalar bozori mavjud emas, obligatsiyalar bozorini tashkil qilish uchun savol berishdi: nima sababdan obligatsiyalar chiqarilmaydi? Javobi “obligatsiyalarni faqat aksiyadorlik jamiyatlari chiqaradi” qabilida edi. Shuning uchun obligatsiyalar soni kam va obligatsiya bozori yo‘q. Agar aksiyadorlik jamiyatlari qatorida MChJlarga obligatsiya chiqarish huquqini bersak, obligatsiyalar bozori paydo bo‘ladi, degan noto‘g‘ri fikrga kelindi va qarorga shu o‘zgartirish kiritildi. Bu o‘zgartirishdan oxirgi oylarda ishonchli boshqaruvga berilayotgan va faoliyat turi MChJga o‘zgartirilgan korxonalar foydalanadi degan gumon yo‘q emas menda. Masalan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, ya’ni yirik-yirik energetika va neftni qayta ishash kompaniyalari ishonchli boshqaruvga berilib tekinga foydalanishga berib yuborildi va ularning maqomi MChJga aylantirildi. MChJning aksiyadorlik jamiyatidan farqi – muhim raqam va faktlar haqida xalqqa ochiq axborot berilmaydi, AJning muhim jihati u  zaruriy faktlarni: faoliyati, qancha daromad olayotgani, yirik operatsiyalari, nimani qanchadan sotib olayotgani, rahbari kim, kimlar rahbarlik organlariga saylangani kabilarni ochiqlashi kerak. MChJda bunaqa mas’uliyat yo‘q. Tasavvur qilamiz: yopiq, yirik korxonalar MChJ bo‘lib olib, obligatsiya chiqaradi. Nimasi yomon, deb o‘ylash mumkin. Biroq bunda maqsad iloji boricha ko‘proq miqdorda qarz jamlanib boriladi va shu orqali “mana, biz eplay olmadik” degan oqibatlar yaratilishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Deylik, “B” kombinati bir necha trillionlik obligatsiya chiqaradi-da, obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlarni so‘ndirishga javob  bera olmaydi, ya’ni go‘yoki to‘lay olmay qoladi. Obligatsiyaning bir xususiyati bor: aksiyaga konvertatsiya qilinishi mumkin yoki emitent mol-mulki bilan javob beriladi, ya’ni ertaga to‘lay olmay qolganidan keyin obligatsiya egalariga kombinat o‘tib ketib qoladi. Shu tariqa obligatsiya chiqarish huquqini berish MChJga aylanayotgan yirik kompaniyalarning istalgan qo‘llarga o‘tib ketishiga imkoniyat yaratib beradi. Bunday sxemalar menga 90-yillardagi Rossiyada yuz bergan “garov auksionlarini” eslatadi.

Korrespondent.uz: Pandemiya sharoitida O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyatga og‘irlik darajasiga ko‘ra 10 ballik sistemada nechi ball berardingiz?

Otabek Bakirov: 10 eng og‘ir holatni ifodalasa, hozirgi iqtisodiy sharoitga 7 ball bergan bo‘lardim. Hali 10 ga yetib bormadik.

Korrespondent.uz: 10 ballga yetib borishimiz mumkinmi?

Otabek Bakirov: Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarmasak, yetib boramiz.

Korrespondent.uz: Mazmunli suhbatingiz uchun sizga rahmat!

Fikr bildirish

Latest from Blog