Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston temiryo‘llarini elektrlashtirish uchun 80 million dollar ajratishni ma’qulladi


Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda 145 kilometr temiryo‘lni elektrlashtirish uchun 80 million AQSh dollari miqdorida zayom ajratishni ma’qulladi. Mazkur temiryo‘llar Pop, Namangan va Andijon shaharlarini birlashtiradi, deb yozadi Daryo nashri UzDaily’ga tayanib.

 “Temiryo‘l tarmoqlari xavfsizligi, ishonchliligi va barqarorligini ta’minlash O‘zbekiston kabi dengizga tutash bo‘lmagan mamlakatning o‘sishi va taraqqiyotining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi”, — deydi OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Takeo Konishi.

Loyiha O‘zbekiston aholisining uchdan bir qismiga yaqini istiqomat qiluvchi Farg‘ona vodiysining asosiy shaharlarini respublika poytaxti Toshkent bilan tutashtirib yuk va yo‘lovchi tashish temiryo‘l xizmatlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri va samarali faoliyat ko‘rsatishiga ko‘mak beradi. Shuningdek, loyiha transport bog‘lanishini yaxshilab, Farg‘ona vodiysida ish o‘rinlarini yaratish va ko‘paytirish imkonini beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 177,45 million AQSh dollariga baholanmoqda. Unda “O‘zbekiston Temiryo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi va hukumatning moliyalashtirish ulushi 97,45 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Latest from Blog