“Osiyo Shengeni” — Silk road visa amalda 2022-yildan boshlab qoʻllanilishi mumkin

Qoʻqonda boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlar turizm vazirlari yigʻilishidan soʻng, Qozogʻiston madaniyat va turizm vaziri Aktoti Raimkulova Silk road visa Buyuk Ipak yoʻli mamlakatlari “Osiyo Shengeni” vazifasini oʻtashi kutilayotganini maʼlum qildi. U bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Maʼlumot oʻrnida, avvaliga Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston yagona turistik vizani ishlab chiqishni rejalashtirgan edi. Mazkur gʻoya 2018-yilning toʻrtinchi choragida Chimkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston — Qozogʻiston birinchi hududlararo forumida tilga olingan, deb maʼlum qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri. Keyinchalik Qirgʻiziston tomoni ushbu kelishuv yuzasidan aniq qarorini bildirishni keyinga qoldirdi. Shu bois viza borasidagi gap-soʻzlar faqat Oʻzbekiston va Qozogʻiston atrofida aylana boshladi.

2021-yilning 18-mayiga kelib, Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov Oʻzbekiston va Qozogʻiston hukumatlari yagona sayyohlik vizasini ishga tushirishga tayyorligi aytdi. “Aniq sanani ikki tomonlama komissiya belgilaydi… Biz barcha texnik muammolarni hal qildik, qaror qilish arafasidamiz. Davlatning ichki tasdiqlash tartib-taomillaridan oʻtib olishimiz kerak”, — degan Abduhakimov.

U shuningdek, “Osiyo Shengeni”ga Qirgʻiziston juda faol qiziqish bildirayotganini, Ozarbayjon bilan avtonom oʻzgarishlar mavjudligi, ehtimol Tojikiston, Moʻgʻuliston, shuningdek, bir qator Kavkazorti respublikalari ushbu loyihaga qoʻshilishi mumkinligini qayd etgandi.

Payshanba kuni Qoʻqonda boʻlib oʻtgan turizm vazirlari yigʻilishida qozogʻistonlik vazirning soʻzlariga koʻra, har bir mamlakatda alohida viza boʻlganidan hamma uchun teng huquqlardagi yagona viza yaratilgani barcha uchun birdek manfaatli.

“Yagona turistik — Silk road visaʼni tashkil etishi boʻyicha juda katta ishlar qilindi. Bu Buyuk Ipak yoʻlidagi mamlakatlar uchun ushbu vizani yaratish juda katta ahamiyatga ega. Biz uchun bu juda ham muhim qadam. Chunki shu orqali mahalliy va xorijiy turistlar Buyuk ipak yoʻlidagi davlatlar boʻylab vizasiz bemalol harakatlana olishadi”, — dedi u.

Latest from Blog