Foto: Interfax.uz

Oqqo‘rg‘ondagi bog‘chada 25 nafar bola zaharlandi

Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamkorligida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchisining kasallanish holati o‘rganib chiqildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2-avgustdan 11-avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent pediatriya instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

12-avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan bir nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga (IVL) ulangan bo‘lib, o‘ta og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchining holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib, kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra “botulizm” tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib qo‘yiladi. Davolanish davomida 21 nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Kasallikka chalinmagan mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari har kuni tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib nazoratga olinmoqda.

Latest from Blog