“Omsk-Pavlodar-Chimkent” neft quvuri Jizzaxgacha yetib keladi


Jizzaxdagi yangi neft zavodini xom-ashyo bilan taʼminlash uchun,  Qozogʻiston chegarasigacha neft quvuri quriladi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti «Oʻzbekneftegaz» vakili soʻzlariga asosan.

Ushbu yilning aprel oyi oxirida Jizzax viloyatida yangi neftni qayta ishlash zavodi qurilishi boshlangan edi. Umumiy qiymati 2,2 milliard dollar boʻlgan neftni qayta ishlash zavodi yiliga 5 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega boʻladi. Yangi zavodga xom ashyo Rossiyadan, Qozogʻiston orqali olib kelinadi.

“Biz Qozogʻiston bilan «Omsk-Pavlodar-Chimkent» neft quvurini mamlakatimiz hududigacha olib kelishga kelishib oldik. Buning uchun 95 km neft quvuri qurilsa boʻldi. Oʻzbekiston yiliga 5 million tonna neft olish imkoniga ega boʻladi”,  – dedi suhbatdosh.

Uning soʻzlariga qaraganda Qozogʻiston tomoni «Omsk-Pavlodar-Chimkent» neft quvurining oʻz hududidan oʻtgan qismini qayta tiklashga rozi boʻlgan. Ushbu neft quvuri Jizzax viloyati hududiga juda yaqin joydan oʻtgan.

Eslatib oʻtamiz, mart oyining oxirida “Oʻzbekneftegaz» va Qozogʻistonning «Kazmunaygaz» milliy kompaniyasi neft va gaz sohasida hamkorlik qilish haqida shartnoma imzolashgan edi. Oʻshanda Qozogʻiston Oʻzbekistonga temir yoʻl sisternalarida istalgan miqdorda neft yetkizib berishga tayyor ekanini xabar qilgan edi.

“Neft quvuri qurilishi yangi zavodning iqtisodiy samaradorligini oshiradi. Biz bundan keyin neftni temir yoʻl orqali yetkizib berish tizimidan voz kechamiz”, — dedi “Oʻzbekneftegaz” vakili.

Xolding xabariga koʻra, Oʻzbekistonga temir yoʻl orqali yetkizib berilayotgan bir tonna neftning narxi 150-250 dollarni tashkil qiladi.

Rejaga koʻra, yangi qurilayotgan zavod har yili 3,7 million tonna motor moyi, 700 ming tonna aviatsiya kerosini va 300 ming tonna qoʻshimcha neft mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Zavod qurib bitkazilishi 2022-yilga rejalashtirilgan.

Oʻzbekistondagi neft zavodining umumiy quvvati 11-12 mln tonnani tashkil qiladi. Bugungi kunda ushbu korxonalar oʻz quvvatining 60% idan foydalanmoqda. Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda neft mahsulotlari tanqisligi muammosi dolzarb boʻlib qolmoqda.

Oʻzbekiston va Rossiya muassasalari aprel oyining boshida neft yetkizib berish haqida shartnoma imzolagan edi. Unga koʻra dastlabki bosqichda Rossiya Oʻzbekistonga 500 ming tonna neft yetkizib beradi.

Rasmiy xabarlarga koʻra, Oʻzbekistonda 2002-yildan 2012-yilga qadar suyuq uglevodlar qazib olish hajmi 7,24 mln tonnadan 3,17 mln tonnagacha kamaygan. Neft va gaz kondensati qazib olish ushbu tabiiy boyliklarning Oʻzbekistondagi zahiralari kamayishi tufayli sodir boʻlgan.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar