Foto: Interfax.uz

Olmaliqda 49 kishi muzqaymoqdan zaharlandi

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish holati bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Sanitariya va epidemiologiya boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, haqiqatan ham Olmaliq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida 36 nafar bemor zaharlanish tashxisi bilan yotqizilgan. 15-avgust holatiga ko‘ra, ularning 31 nafariga ahvoli yaxshi bo‘lgani sababli uyiga ruxsat berilgan. Yana besh nafar bemor davolanishda, ahvoli o‘rtacha.

Bundan tashqari, Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga shu tashxis bilan yotqizilgan 13 nafar bemor mavjud. Ayni paytda ularning holati o‘rtacha og‘ir, muolajalar davom etirilmoqda.

“Haqiqatan ham, xususiy tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilgan muzqaymoq bu vaziyatga sababchi bo‘lgani aniqlangan. Bu tadbirkorlik subyekti Olmaliq shahrida joylashgan. Ayni paytda vaziyat yuzasidan amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli xulosalar mutasaddilarga berilgan. Epidemiologik surishtiruvlar davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Latest from Blog