Oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislik fanlari ingliz tilida o‘qitiladi

Yangi o‘quv yildan har bir oliy ta’lim muassasasida barcha kurslarda kamida 2 ta guruhda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda aytib o‘tildi.

Foto: Sputnik

Qabul qilingan qaror yangi o‘quv yilidan boshlab har bir oliy ta’lim muassasasida barcha kurslarda kamida 2 ta guruhda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitishni bosqichma-bosqich tashkil etishni, o‘z navbatida ingliz tilida dars o‘tadigan professor-o‘qituvchilarni maqsadli tayyorlash jarayoniga boshqacha yondashuvni talab qiladi. Shu maqsadda professor-o‘qituvchilarning xorijda malakali tayyorgarlikdan o‘tishini tashkil etish, mashg‘ulotlarni olib borishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratilgan.

Istiqbolli ilmiy-pedagogik kadrlarni, birinchi navbatda, muhandislik-texnika va arxitektura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari pedagoglarini rivojlangan davlatlarda homiylik va xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan hamda O‘zbekiston prezidentining chet elda stipendiatlar malakasini oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishini tashkillashtirish «Iste’dod» jamg‘armasi orqali malaka oshirishlarini tashkil etish vazifasi qarorda ta’kidlab o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi (UNESCO) va konsalting tashkiloti (DGP Research & Consulting) ekspertlar guruhi tomonidan 2017-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston ta’lim tizimini kompleks o‘rganish natijalariga ko‘ra malakali pedagog va boshqaruv kadrlarining yetishmasligi, xorijiy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi kabi kamchiliklar qayd etilgan edi.

Latest from Blog