Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov Seulda Janubiy Koreya bosh vaziri bilan uchrashdi

Janubiy Koreyaga safar qilgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov 23-fevral kuni Janubiy Koreya bosh vaziri Li Nak Yon bilan uchrashdi. Bu haqda palata axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Bosh vazir Li Nak Yon bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli innovatsion yondashuvlar va ularning natijalarini yuksak baholab, o‘zaro do‘stona muloqot va hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Spiker Ismoilov O‘zbekiston Prezidentining 2017-yilda Koreyaga amalga oshirgan tashrifidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi va texnologiyalarini joriy etish orqali ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik suratlari yanada o‘sayotganini e’tirof etdi.

Janubiy Koreya bosh vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida “Seul ko‘chasi”ning va “Koreys madaniyat va san’at uyi” ochilishi ikki xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shishini ta’kidlab, O‘zbekistonda yashayotgan koreys millati vakillari uchun yaratilgan barcha sharoitlar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbir yakunida Nurdinjon Ismoilov Janubiy Koreya bosh vazirini Pxyonchxandagi qishki Olimpiya o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etilganligi bilan tabriklab, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Janubiy Koreya fuqarolari uchun vizasiz tartibning o‘rnatilishi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining yanada rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Latest from Blog