Olis hududdagi ayrim tashkilotlarga ishga boradigan bitiruvchilarga yordam puli, ijara xarajati, uy beriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga ishga boradigan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining mehnatini yana-da ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Foto: OʻzA

Loyihada keltirilishicha, olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijarada turganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi berish hamda ularni uy-joy bilan taʼminlash tizimi joriy qilinadi.

Olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli mutaxassislarni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi mexanizm 2021-yil 1-yanvardan boshlab joriy qilinishi mumkin.

Bir martalik boshlangʻich yordam puli bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravariga hamda uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravariga tenglashtiriladi.

Mazkur imtiyozlardan oliy taʼlim muassasasining bakalavriati va magistraturasini (taʼlim shaklidan qatʼiy nazar – kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega boʻladi.

Har oylik pul kompensatsiyasi oliy maʼlumotli mutaxassis ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oy mobaynida toʻlanishi, bunda xizmat uy-joy maydoni berilgan taqdirda yoki u uy-joy sotib olganda, uning vakolatlari toʻxtatilganda va tugaganda pul kompensatsiyasi toʻlash toʻxtatiladi.

Oliy maʼlumotli mutaxassis olis hududda joylashgan byudjet tashkilotidagi faoliyatini 3 yilgacha boʻlgan muddat ichida toʻxtatgan taqdirda har oylik pul kompensatsiyasi toʻlanishi toʻxtatiladi hamda boshlangʻich yordam puli toʻliq hajmda byudjetga qaytariladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog