Oksana Chusovitina “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi

O‘zbekistonlik gimnastika ustasi va Olimpiyada o‘yinlarida ketma-ket 7 marta (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016) ishtirok etgani uchun “Ginness rekordlari” kitobiga kiritilgan Oksana Chusovitina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.

Ayni damda 42 yoshni qarshilagan Oksana Chusovitina hamon sportdagi zafarli faoliyatini yakunlaganicha yo‘q. Aksincha, uning muvaffaqiyatlari soni kun sayin ortmoqda.

Sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Oksana Chusovitina 1975-yil 19-iyunda Buxoro shahrida tavallud topgan. 1992-yilda Barselona shahrida o‘tkazilgan Olimpiyada o‘yinlarida dastlabki oltin medalni qo‘lga kiritgan. Sportchi 2006-2012-yillarda oilaviy muammolari sabab Germaniyada yashashiga to‘g‘ri kelgan va shu yillar davomida o‘tkazilgan musoboqalarda Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etgan. 2013-yildan yana O‘zbekiston termasi tarkibiga qaytgan.

Oksana Chusovitina faoliyati davomida Osiyo o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Evropa chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan.

2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan Oksana Chusovitina Olimpiyadaning final bahslarida yettinchi o‘rinni egalllab, tayanib sakrash bo‘yicha jahonning eng kuchli 10 sportchisi qatoridan o‘rin egallagan edi.

Chusovitina 2017-yilda o‘tkazilgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari”da ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.

Latest from Blog