OAV: “Ahmadboy ishi” bo‘yicha sud hukmi qachon e’lon qilinishi noma’lum

O‘zbekiston tarixidagi eng mashhur moliyaviy piramidani qurgan chinozlik Ahmadboy (Ahmadjon Tursunboyev) va uning sheriklariga nisbatan sud hukmi qachon e’lon qilinishi hozircha noma’lum. Bu haqda bir qator OAVlar xabar bermoqda.

Foto: “Xalq so‘zi

“Kun.uz”ning yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida sudya Dilshod Komilov raisligida Ahmadboy va uning olti sherigi ustidan mahkama jarayoni davom etmoqda.

Sud jarayoni 2017-yil 2-avgustda boshlangan bo‘lib, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 177-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandi (valyuta qimmatliklarini noqonuniy yo‘l bilan olish yoki sotish), 188-moddasi (davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, juda katta miqdorda nazoratsiz daromad ko‘rish), 189-moddasi (savdo qilish yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddasi 2-qismi “a” va “v” (litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) bandlarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

2018-yil 16-fevral kuni sudlanuvchilarning barchasiga so‘nggi so‘zni aytish imkoni berildi. Unda, jumladan, Ahmadboyning o‘zi hech qachon hech kimni aldamaganini ta’kidlagan bo‘lsa, uning kuyovi Olmos Qo‘chqorov “eski tizimdagi tergov jarayonidagi ba’zi tazyiqlar sababli barcha aybni o‘z bo‘yniga olgani”ni aytib o‘tgandi.

Sudlanuvchilarning so‘nggi so‘zlaridan so‘ng, sud maslahatga kirib ketgan edi. Dastlabki xabarlarda “Ahmadboy ishi” bo‘yicha sud hukmi 19-fevral kuni e’lon qilinishi aytilgan edi. Biroq, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sud hukmini e’lon qilish noma’lum muddatga qoldirilgan. Nima sababdan qoldirilgani ma’lum emas.

Latest from Blog