«Oʻzbektelekom»: yil oxiriga borib internet oʻn baravar tez ishlaydigan boʻladi

Oʻzbekistonda internet tezligi yil oxiriga qadar avval aytilganidek toʻrt emas, oʻn baravarga oshadi.

Foto: grantsedge.com

«Oʻzbektelekom» AKning marketing va savdo boʻyicha direktori Yevgeniy Vishnevskiyning aytishicha, kompaniya bu borada faol ish olib bormoqda.

«»Oʻzbektelekom» internet tezligini oshirish borasida qoʻshni va boshqa davlatlarning turli aloqa operatorlari bilan koʻplab kelishuvlarga erishdi. Biz ular taqdim etadigan kanallarni kengaytirishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, asosiy kanallar tezligi pasayganida foydalanish uchun zaxira kanallar tashkil etiladi», – dedi Vishnevskiy.

Xususan, «Rostelekom» bilan yaqinda oʻtkazilgan muzokaralarda internet-kanallarni kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

«Oʻzbektelekom» Rossiyaning ushbu operatori bilan koʻp yillardan buyon hamkorlik qilib keladi.

«Biz yil oxiriga qadar internet-kanalni prezident aytganidek toʻrt emas, oʻn baravarga oshirishni taʼminlashni rejalashtirganmiz», – dedi suhbatdosh.

Uning aytishicha, shu bilan birga tarmoqqa ulanish narxlari ham pasayadi. Ammo isteʼmolchi uchun qanday vaziyat paydo boʻlishi provayder va operatorlarga bogʻliq boʻladi.

«Gap «Oʻzbektelekom» narxlarining operatorlar uchun pasayishi haqida bormoqda. Isteʼmolchilar uchun internet narxini esa har bir provayder oʻzi belgilaydi. Kimdir narxni pasaytirishi, kimdir qoʻshimcha tezlik yoki qoʻshimcha trafik taqdim etishi mumkin», – dedi Vishnevskiy.

Eslatib oʻtamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga oshirish, 2020-yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini koʻrish boʻyicha topshiriq bergandi.

Hozirda MDH davlatlarida internetga ulanishning oʻrtacha tezligi Oʻzbekistondagiga nisbatan oʻn baravar yuqori.

Oʻzbekiston Qozogʻiston va Rossiya orqali keluvchi shimoliy-internet kanaldan foydalanadi. Axborot texnologiyalarini va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi janubiy yoʻnalish – Turkmaniston, Eron, Qirgʻiziston, Xitoy orqali internet kanalga ulanish masalasini koʻrib chiqmoqda.

Latest from Blog