Oʻzbeklar Oksfordda ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanadi

Oksford islom tadqiqotlari markazi rahbariyati bilan boʻlgan kelishuvga binoan oʻzbekistonlik islomshunos tadqiqotchilar Oksfordda tahsil olib, ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazadi, deb xabar qildi «Jahon» axborot agentligi.

Foto: Reuters

2017-yilning dekabrida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy Oʻzbekistonga tashrif buyurib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazida boʻlib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, istiqbolda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirgan edi.

Yaqinda Oʻzbekistonning  yetakchi islomshunos olim va tadqiqotchilaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga safar qildi.

Oksford islom tadqiqotlari markazi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan muloqotda hamkorlik rejalari, amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar muhokama etildi. Kelishuvga binoan oʻzbekistonlik islomshunos tadqiqotchilar Oksfordda tahsil olib, ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazadi. Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy singari allomalar asarlari ingliz va oʻzbek tillarida nashr etiladi. Buyuk Britaniya kutubxonalari va qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid madaniy meros obʼyektlari, noyob qoʻlyozmalarning nusxalari olinib, tadqiq etiladi.

Farhan Nizomiy prezident Shavkat Mirziyoyevning maʼrifiy islomni oʻrganish va targʻib etish haqidagi takliflarini yuqori baholashini, taʼkidlagan. «Oksford islom tadqiqotlari markazi Oʻzbekistonda yangi tashkil etilgan markazlarning Yevropa va Amerikaga chiqishi uchun vositachi boʻlishga tayyor», — deb qoʻshimcha qilgan olim.

Shuningdek, Buyuk Britaniyaning qadimiy Bodlean kutubxonasi, Seynt Jons kolleji, Fan tarixi muzeyi, Ashmolean muzeyida uchrashuvlar boʻlib oʻtgan. Seynt Jons kollejida saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma manbalar orasida Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy», Mirzo Ulugʻbek yozgan «Ziji Koʻragoniy» asarlarining nodir nusxalari saqlanmoqda. Kelajakda Oʻzbekistondan Oksfordga boradigan mutaxassislar bu manbalarning fotonusxalarini olish va tadqiq etish bilan shugʻullanadi, — deyiladi xabarda.

Oʻzbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi taklifiga asosan Oksforddagi Fan tarixi muzeyi direktori doktor Akkerman bilan muzey fondida saqlanayotgan nodir eksponat — Mirzo Ulugʻbek globusining nusxasini tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Latest from Blog