Oʻzbekkoʻmir rahbariga hayfsan berildi

Oʻzbekistonda koʻmir sanoatida “Oʻzbekkoʻmir” aktsiyadorlik jamiyati faoliyatida aniqlangan jiddiy kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida prezident tegishli qaror qabul qildi. Bu haqda Sputnik Oʻzbekiston xabar berdi.

Foto: Укринформ

Asosiy kamchiliklar: moddiy-texnika jihozlaridan samarali foydalanmaslik, koʻmir ishlab chiqarish intizomi boʻshligi, ish samaradorligini oshirish va ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishda jiddiy oqsoqliklar mavjud.

Mutaxassislar fikricha, oxirgi besh yil ichida ushbu tarmoqda koʻrsatkichlar sezilarli kamayib ketdi. Masalan, koʻmir kon yuzasini ochish ishlari 128,9 mln kub metrga kamayib ketdi, koʻmir qazib olish 4 mln tonnadan ortiq va kaolin 320,5 ming tonnaga kamayib ketdi.

Davlat rahbari nafaqat koʻmir sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha yangi dastur qabul qildi, balki 2013 — 2018-yillar davrida koʻmir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda uni muvozanatli rivojlantirish dasturini oʻz vaqtida va sifatli bajarishni taʼminlamaganligi uchun “Oʻzbekoʻmir” bosh direktori Shuxrat Pulatovga hayfsan intizomiy jazo chorasini eʼlon qildi.

Bundan tashqari, Mirziyoyev shu yil avgust oyi yakuniga qadar kelgusi 5 yil uchun koʻmir kon yuzasini ochish va koʻmir qazib olish ishlarining prognoz parametrlarini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar hamda har bir ustuvor investitsiya loyihalar boʻyicha aniq “yoʻl harita” dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.

Qarorda “Angren” va “Nish-Bash” koʻmir kon shaxtalarini qurish boʻyicha investitsion loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 340 mln dollardan ortiq mablagʻni tashkil etmoqda. Loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy moliyaviy institutlari va hukumat moliyaviy korxonalarining investitsiyalarini jalb etish boʻyicha ishlarni jadallashtirish zarur boʻladi.

Koʻmir sanoatining rivojlantirish maqsadida 2021-yil 31-dekabrga qadar respublikada mavjud boʻlmagan chetdan olib kelinadigan kon transporti, texnologik asbob-uskunalar, avtotransport, ehtiyot qismlar va materiallar, dasturiy taʼminot, texnik va loyiha hujjatlari bojxona toʻlovlardan ozod etildi.

Koʻmir sanoati uchun yetakchi kadrlarni salohiyatini mustahkamlash masalalari ham dasturda alohida oʻrin oldi. Masalan, avgust oyi yakuniga qadar Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi boshqa tegishli tarmoq idoralari bilan hamkorlikda koʻmir sohasiga zarur boʻlgan yoʻnalishlar va mutaxassisliklar (oliygohlar va kollejlar koʻrsatilgan holda) roʻyxatini tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlar eng zamonaviy talablar va ularning tajribalari asosida tinglovchilarni oʻqitish standartlarini, oʻquv rejalarni va dasturlarni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yana bir muhim jihat shuki, “Oʻzbekkoʻmir” tarkibidagi korxonalari va tashkilotlariga taʼlim muassasalari bitiruvchilari tanlangan qasbi va mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirilishiga oliygohlar rahbarlarining nazorat qilish va masʼuliyati oshirish mexanizmi joriy etiladi.

Eslatib oʻtamiz, 2016-yil koʻrsatkichlariga koʻra, koʻmir kon yuzasini ochish ishlari 20,9 mln kub metrni tashkil etdi. 2012-yilda bu koʻrsatkich esa 14,2 mln kub metr boʻlgan. Koʻmir qazib olish hajmi 125 ming tonnaga koʻpaydi. Koʻmir mahsulotlarni koʻpayish hajmi 11,2 % ga yetdi.

Latest from Blog