Oʻzbekistonlik sportchi Londonda jahon rekordini yangiladi

Oʻzbekistonlik Aleksandr Svechnikov yengil atletikaning nayza uloqtirish yoʻnalishida jahon rekordini oʻrnatdi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Londonda boʻlib oʻtayotgan para atletika boʻyicha jahon chempionati saytida maʼlum qilindi. Svechnikov 71,01 metrlik natijani qayd etdi.

Foto: Reuters

Shu yil may oyida Bokuda boʻlib oʻtgan IV “Islom birdamlik oʻyinlari”da Svechnikov nayzani 70 metrga uloqtirib, jahon rekordini oʻrnatgan edi. U bu safar oʻz rekordini yangilashga muvaffaq boʻldi.

Bu bilan jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi hisobidagi oltin medallar soni uchtaga yetdi.

Ayollar oʻrtasida kechgan bahslarda esa Nozima Qayumova 41,25 metr natijasi bilan kumush medali sohibasiga aylandi.

Avvalroq Husniddin Norbekov disk uloqtirishda birinchi oʻrinni egallab, ikkinchi marotaba jahon chempioni unvonini qoʻlga kiritgan edi. Doniyor Soliyev esa uzunlikka sakrash musobaqasida 7,18 metrga sakrab oltin medalga erishdi va ilgari xitoylik Chen Mingyu tomonidan oʻrnatilgan Osiyo rekordini yangiladi.

Latest from Blog