Oʻzbekistondagi mobil aloqa operatorlari sifatsiz xizmat bois jarimaga tortildi

Oʻzbekistondagi mobil aloqa operatorlarining tarmoq sifat koʻrsatkichlari yomonlashganligi bois ularga moliyaviy jarimalar qoʻllandi, deb xabar berdi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspektsiyasi matbuot xizmati.

Foto: Ukrinform

Xabarga koʻra, mobil aloqa xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va sifatli xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida inspektsiya tomonidan operatorlarning oylik maʼlumotlari va tarmoq sifat koʻrsatkichlari tahlil qilingan.

Oʻtkazilgan tahlil natijalari barcha operatorlarining mobil aloqa tarmoqlari sifat koʻrsatkichlari yomonlashganini koʻrsatdi:

— radioaloqa uzatkichlari ishlashida korxonaning aybi bilan uzilishlar;

— muvaffaqiyatsiz ulanishlar soni;

— oʻrnatilgan ulanishda abonent tashabbusi bilan boʻlmagan uzilishlar soni;

— internet tarmogʻiga muvaffaqiyatsiz ulanishlari soni;

— internet tarmogʻida oʻrnatilgan ulanishlarda abonent tashabbusi bilan boʻlmagan uzilishlar soni.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, inspektsiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aloqa sohasidagi meʼyoriy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari talablarini, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini buzganlik uchun moliyaviy sanktsiyalar (jarimalar) toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan mobil aloqa operatorlariga moliyaviy sanktsiyalar (jarimalar) qoʻllanildi.

Litsenziya shartnomasi talablari bajarilishi va mobil aloqa xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha mobil aloqa operatorlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Fikr bildirish

Latest from Blog