Oʻzbekistonda fan dasturlari yangitdan ishlab chiqiladi

Oʻzbekistonda fan dasturlari yangitdan ishlab chiqiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Hukumat portalida eʼlon qilingan Oʻzbekiston prezidentining yangi «Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida aytib oʻtilgan.

Foto: 34maktab.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari oldiga bir oy muddatda kadrlar buyurtmachilari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash mazmuni, bitiruvchilarning bilim va koʻnikmasiga qoʻyiladigan talablarni mujassamlashtiruvchi oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining malakaviy talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini soha ehtiyojidan kelib chiqib, yangidan ishlab chiqish hamda tasdiqlash vazifasi qoʻyildi.

Bundan tashqari ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarining mutaxassislar tayyorlash sifatiga boʻlgan talablarini bevosita taʼlim mazmunini shakllantirish bilan shugʻullanadigan oliy taʼlim muassasalari profil kafedralarining professor-oʻqituvchilari tomonidan tizimli oʻrganib borilishini tashkil etish maqsadida stajirovkalar joriy qilinadi.

Joriy yilning 1-sentyabrigacha rivojlangan xorijiy davlatlarning eng ilgʻor tajribasini chuqur oʻrgangan holda oʻquv rejalari va fan dasturlari, oʻquv adabiyotlari, shu jumladan, oʻquv-metodik komplekslarining xalqaro standartlar asosida zamonaviy, mutlaqo yangi talablar asosida ishlab chiqiladi va bosqichma-bosqich joriy etilishini tashkil qilinadi.

Qarorda shuningdek, oʻqitishning zamonaviy shakllari va metodlarini, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlim jarayoniga joriy etish, oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv-laboratoriya anjomlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, oliy taʼlim muassasalarining zamonaviy ilmiy laboratoriyalarini tashkil etish va rivojlantirish choralari belgilangan.

Har oyda Kompleks rahbari, tegishli vazirlik va idora rahbari biriktirilgan har bir oliy taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan tarmoqqa (sohaga) oid yangiliklar, rivojlantirish istiqbollari, taʼlim mazmunini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazib boradilar.

Latest from Blog