Oʻzbekistonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashkil etildi

Oʻzbekiston prezidentining «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq, Mehnat vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga aylantirildi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston xabar qilmoqda.

Foto: Grodno-Best.info

Hujjat band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish, aholi bandligini taʼminlashda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining masʼuliyatini tubdan kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Mehnat bozoridagi haqiqiy holatni respublika mintaqalari kesimida chuqur tahlil qilish asosida aholi bandligini taʼminlash boʻyicha hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini muvofiqlashtirish vazirlikning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi kam taʼminlangan oilalarga nafaqalar va moddiy yordam toʻlanishi boʻyicha monitoringni amalga oshiradi, mehnatga layoqatli oila aʼzolarining bandligini taʼminlash va tadbirkorlik faolligini oshirish orqali oilani kam taʼminlanganlikdan chiqarish yuzasidan individual dasturlarni ishlab chiqadi.

Ishsiz aholini, yoshlarni, avvalambor kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini, shuningdek, aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini ixtisoslashtirilgan ish oʻrni yarmarkalarini tashkil etish va oʻtkazish, aholi va ish beruvchilar uchun mehnat organlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati va hammabopligini oshirish yoʻli bilan ishga joylashtirishga koʻmaklashishni amalga oshirish Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri va uning oʻrinbosarlariga shaxsiy javobgarlik etib yuklandi.

Farmonga muvofiq, 2018 yilning 1 yanvaridan ilk bora ishga joylashgan kollej, litsey va oliygohlar bitiruvchilarining mehnati daromadi uchun birinchi mehnat yili davomida yagona sotsial toʻlov stavkasi 50 foizga, ikkinchi va uchinchi yillarda esa 25 foizga qisqartiriladi.

Shuningdek, oʻsha sanadan boshlab nodavlat tashkilotlarga pulli asosda Oʻzbekiston hududida fuqarolarni ish bilan taʼminlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish huquqi taqdim etiladi.

Vazirlik huzurida tashkil etiladigan Jamoat ishlari jamgʻarmasining asosiy vazifalari vaqtinchalik ishsiz aholining yirik investitsion loyihalarda, yoʻl va uy-joy va kommunal infrastruktura qurilishida, taʼmirida va rekonstruktsiyasida, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlarida ishtirok etishini taʼminlashdan iborat boʻladi.

Latest from Blog