Oʻzbekiston va Qirgʻiziston birgalikda avtobus ishlab chiqaradi

Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Qirgʻiziston biznes forumi yakunlariga koʻra hamkorlikda avtobuslar yigʻish va qishloq xoʻjalik texnikasini ishlab chiqarish boʻyicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Qirgʻiziston iqtisodiyot vazirligi xabar qildi.

Bundan tashqari, tomonlar kir yuvish mashinalari yigʻish, dilerlik markazlari tashkil etish, kabel mahsulotlari yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish, Oʻsh shahrida koʻngilochar-savdo markazi qurish va Qirgʻizistonda «Artel» texnik maktabi filialini ochishga kelishib olishgan.

Shuningdek, qiymati 200 mln dollardan ziyod mahsulot yetkazib berish boʻyicha shartnomalar imzolandi.

Iqtisodiyot vazirligining xabar qilishicha, biznes forum yakunlariga koʻra avtomobilsozlik firmalari, ikki mamlakat zargarlar ittifoqlari oʻrtasida hamkorlik qilish boʻyicha memorandumlar, Oʻzbekistonga shina, suv, asal, oʻsimlik moyi, tosh va travertin yetkazib berish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Birinchi oʻzbek-qirgʻiz biznes forumi 6-oktabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtdi. Unda ikki mamlakatdan 500dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Qirgʻiziston iqtisodiyot vazirligining bildirishicha, biznes forumda ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlashni kuchaytirish, qirgʻiz va oʻzbek bozorlaridagi talabni oʻrganish hamda marketing tadqiqotlari oʻtkazishga eʼtibor qaratilgan.

Latest from Blog