Oʻzbekiston oliygohlari rekord darajadagi abiturientlar oqimiga tayyorlanmoqda

Oʻzbekistonda bu yil oliygohlarga rekord darajada abiturientlar hujjat topshirishi kutilmoqda, deb xabar qildi Sputnik.

Foto: BlogNews.am

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, 2017-yilda oliygohlarga hujjat topshirgan abiturientlar soni 795 mingga yetishi taxmin qilinmoqda. 2016-yilda bu koʻrsatkich 663 ming nafarni tashkil qilgan edi.

Davlat test markazi vakili soʻzlariga koʻra, hozirgi kunda markaz tomonidan bu miqdordagi abiturientlarni test sinovlaridan oʻtkazishni tashkillashtirish uchun ulkan ishlar amalga oshirildi.

Suhbatdoshning fikricha, oliygohlarda oʻquvchilar sonining koʻpayishi nafaqat davlat yoshlar siyosatini samarali amalga oshirish, balki mamlakatda talab kuchli boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha davlat buyurtmasini bajarish imkonini ham beradi.

“Soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan abiturientlar soni oʻrtacha 10-15% ga koʻpayib borgan. Shu yilning may oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning “2017/2018-oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida”gi qarori tasdiqlangan edi. Ushbu qarorga asosan qabul kvotasi rejasi oʻtgan yilga nisbatan deyarli 10 mingtaga — 57 907 dan 66 316 taga koʻpaytirildi. Shuningdek, oshirilgan toʻlov-kontrakt stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabul joriy etiladi”- dedi DTM vakili.

Shu bois oliy taʼlim muassasalari oldiga kelgusi besh yil uchun qator yangi vazifalar qoʻyilgan. Yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik oʻrnatish, hududlar talabidan kelib chiqib mutaxassislar tayyorlash, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish, oʻz ilmiy salohiyatini mustahkamlash kabilar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, har bir oliy taʼlim muassasi 13 yillik, yaʼni 2030-yilga qadar rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishi darkor.

Oliy taʼlim tizimini isloh qilish borasida yana bir qadam qoʻyilmoqda — taʼlim sifati ustidan samarali davlat nazoratini oʻrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tashkil etiladi.

Latest from Blog