Oʻzbek jurnalisti Qozogʻistonda medal bilan taqdirlandi

Astana shahrida Expo-2017 doirasida 26-27-iyun kunlari boʻlib oʻtgan “Oʻqiyotgan dunyoda kitobxon millat” xalqaro simroziumida ishtirok etgan ziyouz portali rahbari Davronbek Tojialiyev Qozogʻiston Respublikasining “Kutubxona ishining ustasi” medali va Turkiya Respublikasi tarix va madaniyat assotsiatsiyasi nishoni bilan taqdirlandi.

Foto: Facebook

Butun dunyodan 400 nafar ziyolilarni jamlagan ushbu anjumanni Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qozogʻiston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi va Qozogʻiston madaniyat ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etgan.

Xalqaro simroziumi doirasida “5-Turkiy tilli oʻlkalar milliy kutubxonalari rahbarlari xalqaro konferentsiyasi” ham boʻlib oʻtdi. Ushbu konferentsiyada Ziyouz elektron kutubxonasi rahbari Davronbek Tojialiyev “Elektron kutubxona maʼlumotlar bazasini saqlashning muhim xususiyatlari” mavzusida maʼruza qilgan va Ziyouz elektron kutubxonasi haqida taqdimot oʻtkazgan.

“Anjumanning birinchi kunida “Mutolaa va tafakkur”, “Bolalar va yoshlar orasida kitobxonlikni targʻib etish”, “Biz nega oʻqiymiz?”, “XX asrgacha boʻlgan turkiy manbalar” kabi mavzularda qiziqarli maʼruzalar boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng ishtirokchilar Astana shahrida boʻlib oʻtayotgan Expo-2017 xalqaro koʻrgazmasiga taklif qilindilar”, — deb qoʻshimcha qilgan Davronbek Tojialiyev.

“Oʻqiyotgan dunyoda kitobxon millat” xalqaro simroziumi doirasida “Turkiy dunyo ranglari” fotokoʻrgazmasi ham oʻtkazilgan va unda Oʻzbekistondan Muhiddin Alining 10 ta surati namoyish etilgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog