“Oʻzkomnazorat”: Oʻzbekistonda mobil telefondagi maʼlumotlarni oʻgʻirlaydigan virus paydo boʻldi

Oʻzbekistonda mobil telefondagi maʼlumotlarni oʻgʻirlovchi yangi Android Trojan Spy virusi tarqaldi. Bu haqda Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi — “Oʻzkomnazorat” aholini ogohlantirdi.

Foto: Yellowtube

Rasmiy xabarda aytilishicha, “Oʻzkomnazorat” yangi toroyan virusi Oʻzbekistonda tarqalgani toʻgʻrisida Eset shirkati tarqatgan maʼlumot orqali xabardor boʻlgan.

“Android Trojan Spy virusini tarqatuvchilar COVID-19 mavzusidan foydalanishmoqda. Ilova koronavirus epidemiyasi haqida statistik maʼlumotlarni xaritada namoyish qiladi, biroq bir vaqtning oʻzida mobil qurilmada suratga olishi, galereyadan fotolarni oʻgʻirlashi, qurilmadagi kontaktlar roʻyxati, SMS xabarnomalar va telefondagi barcha boshqa ilovalar boshqaruvi uchun jinoyatchilarga sharoit yaratishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Avval “Oʻzkomnazorat” davlat inspeksiyasi mobil ilovalarni yuklash va oʻrnatishda dasturning qaysi operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat soʻrayotganiga eʼtibor berish, agar bu kabi ruxsatlar soni asossiz ravishda koʻp boʻlsa bunday turdagi programmalarni ishlatishdan voz kechishni tavsiya qilgandi.

Aprel oyida “Oʻzkomnazorat” naqdsiz shakldagi toʻlovlar hajmining oshgani tufayli axborot sohasida firibgarlar faollashishi mumkinligi, turli tovlamachi va firibgarlar koronavirus vaziyatidan foydalanib,goʻyoki yordam berish bahonasida bank hisob raqamlari va plastik kartalardan oʻzgalarga qarashli pullarni yechib olishi mumkinligidan aholini ogohlantirgandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog