Interfax surati

Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi qariyb 36 milliard dollarga yetdi

//

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston umumiy tashqi qarzi joriy yilning boshiga nisbatan 6 foizga yoki 2 milliard dollarga oshgan holda, 35,9 mlrd dollarni tashkil qildi.

Qayd etilishicha, 2021-yilning I yarim yilligida yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va asosiy qarz toʻlovlari amalga oshirilishi hamda kurslar oʻzgarishi hisobiga 22 milliard dollarni tashkil qildi. Xususan, jahon bozorida Oʻzbekistonning xalqaro obligatsiyalari narxlarining tushishi oqibatida davlat tashqi qarzi 3 foizga yoki 627,9 million dollarga oshdi.

Shuningdek, 1-iyul holatiga koʻra, xususiy tashqi qarz 11 foizga yoki 1,4 milliard dollarga oshdi. Ushbu oʻsish asosan banklar va boshqa sektorlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Joriy yilning II choragida “UZAUTO MOTORS” AJ tomonidan qiymati 300 million dollar hamda 785 milliard soʻm miqdoridagi qimmatli qogʻozlarni 4,85 foiz stavkasi bilan 5 yillik muddatga xalqaro moliya bozoriga joylashtirgan. Buning oqibatida boshqa sektorlar qarz tarkibi oʻtgan yilga nisbatan sezilarli oʻsgan.

Yalpi tashqi qarzning 83 foizini yoki 32,4 milliard dollarini kreditlar va qarzlar tashkil etadi. Umumiy tashqi qarzning YAIMga nisbati esa 57 foizni tashkil qildi.

Shuningdek, I yarim yillikda jami 4,4 milliard dollariga teng qarz jalb qilingan. Ushbu qarzning 1,2 milliard dollari davlat sektoriga toʻgʻri kelgan boʻlsa, 3,2 milliard dollari xususiy sektor tomonidan jalb qilingan.

Asosiy qarz va foizlar boʻyicha toʻlovlarning eng katta qismini banklar, neft-gaz, energetika hamda boshqa sektor korxonalari toʻlab kelayotgani keltirib oʻtilgan.

Davlat tashqi qarz boʻyicha 353,4 million dollar miqdordagi asosiy qarz va 206,5 million dollar miqdordagi foiz toʻlovlarini amalga oshirilgan. Xususiy tashqi qarz toʻlovlari esa asosiy qarz boʻyicha 1,6 milliard dollar, foiz toʻlovlari boʻyicha 238,8 million dollar miqdorida toʻlangan.

Eslatib oʻtamiz, bundan oldin moliya vaziri oʻrinbosari Ahadbek Haydarov davlat qarzini YAIMga nisbatan 45−50% chegarasida ushlab turish rejalashtirilayotgani haqida aytgan edi.

 

Latest from Blog