Foto: JerryBanfield.com

Oʻzbekistonlik yutuberlar moʻmay daromaddan mahrum boʻldi

YouTube shirkati oʻzbek tilidagi kanal mualliflarini moddiy ragʻbatlantirishni toʻxtatdi.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda blogerlik, shu jumladan, videoblogerlik (vloger) rivojlanib boryapti. Bu orqali daromad qilayotganlar ham oz emas. Ularning baʼzilari birgina YouTube orqali oyiga bir necha ming dollargacha foyda koʻradi.

Ammo joriy yil aprel oyidan YouTube videoxostingida oʻz sahifasiga ega blogerlar daromadi keskin kamayib ketdi. Chunki YouTube maʼmuriyati oʻzbek auditoriyasiga moʻljallangan kanal mualliflarini moddiy ragʻbatlantirishni toʻxtatdi.

YouTube bu cheklov boʻyicha rasmiy bayonot bermadi. Qalampir.uz nashriga koʻra, blogerlarga moddiy ragʻbatning toʻxtatilishiga YouTubeʼning Oʻzbekistonda rasman faoliyat yuritmasligi sabab boʻlishi mumkin.

“YouTube cheklovining Oʻzbekiston hukumati bilan aloqadorligini aniqlash uchun Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov bilan bogʻlandik. U vaziyat yuzasidan maʼlumotga ega emasligini, shu sababdan bu boʻyicha aniq izoh berolmasligini maʼlum qildi”, deb yozgan internet nashr.

Qayd etilishicha, YouTube rasman faoliyat yurituvchi davlatlarda unda sahifasini yurituvchi blogerlar qoʻshimcha imkoniyatlarga ega boʻladi. Jumladan, YouTube Premium, homiylik modullari va YouTube.Music platformasidan foydalanish mumkin. Ammo Oʻzbekistonda videoxostingning ushbu qoʻshimcha xizmatlari avval ham, hozir ham ishlamagan. Endilikda esa reklamadan daromad olish imkoni ham yoʻqoldi.

Latest from Blog