Chempionat

Oʻzbekistonlik oʻq otuvchilar Osiyo chempionatida yirik gʻalabalarni qoʻlga kiritmoqda

Joriy yilning 11-sentyabr kuni Qozogʻistonning Chimkent shahrida boshlangan oʻq otish sporti boʻyicha 14-Osiyo chempionatida mamlakatimizning sport terma jamoasi tarkibidagi Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti merganlari yirik gʻalabalarni qoʻlga kiritmoqda.

Jumladan, “Vatanparvar” tashkilotining Surxondaryo viloyati kengashi oʻq otish sporti seksiyasi aʼzosi Nigina Saidqulova 21 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasida yakka tartibda kechgan bellashuvda 1-oʻrinni egallab, oltin medal bilan taqdirlandi. U, shuningdek, jamoaviy bahsda ham gʻoliblikni qoʻlga kiritib, ikkinchi oltin medalga sazovor boʻldi. “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashining yana bir sportchisi Nuriddin Nuriddinov 16 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasida yakka tartibda kechgan musobaqada 3-oʻrinni egallab, bronza medaliga sazovor boʻldi.

Tashkilotning Namangan viloyati kengashi sportchisi Muhammad Kamolov 21 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasida yakka tartibda kechgan bellashuvda 3-oʻrinni egallab, bronza medali bilan taqdirlandi. Jamoaviy bahsda esa unga 2-oʻrin (kumush medal) nasib etdi.

“Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashining oʻq otish seksiyasi sportchilari Oybek Asilov jamoaviy kechgan bahsda 1-oʻrinni egallab, oltin medalga sazovor boʻlgan boʻlsa, Iroda Azimboyeva 21 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasida yakka tartibda oʻtkazilgan musobaqada 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Qozogʻistonning Chimkent shahrida oʻtkazilayotgan oʻq otish sporti boʻyicha 14-Osiyo chempionati 20-sentyabr kuni yakuniga yetadi.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun oldin – 4-11-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasida oʻtkazilgan birinchi MDH davlatlari oʻyinlarida pnevmatik quroldan oʻq otish yoʻnalishida “Vatanparvar” tashkiloti sportchisi Muhammad Kamolov faxrli 1-oʻrinni egallab, oltin medalga sazovor boʻlgan edi.

Latest from Blog