Foto: Interfax.uz

Oʻzbekistonga AQSHdan koronavirusga qarshi 3 mln dozadan ortiq Moderna vaksinasi keltirildi

/

Oʻzbekistonga koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi olib kelindi. Vaksina AQSH tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi doirasida ajratilgan boʻlib, ayni shu soniyalarda maxsus havo qatnovi vositasida AQSHning Alabama shtatidan yurtimizga yetkazib berildi.

Aeroportda yukni qabul qilib olish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Behzod Musayev, Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi, Bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev, xalqaro miqyosda esa AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Deniel Rozenblyum, USAID ning Oʻzbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Kristofer Fitspatrik va boshqa masʼullar ishtirok etishdi.

Maʼlumki, “Moderna” kompaniyasining koronavirusga qarshi qoʻllaniladigan 3 million 60 doza vaksinasini Oʻzbekiston uchun AQSH begʻaraz koʻmak tariqasida ajratdi.

Aytish lozimki, Moderna Qoʻshma Shtatlarda qoʻllanilayotgan 3 ta vaksinadan bittasi hisoblanadi. Shuningdek, AQSH Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish boʻyicha markazi (CDC) maʼlumotiga koʻra, “Moderna” kompaniyasining vaksinasi 94 foizdan ziyod samaradorlikka ega boʻlgani holda COVID-19 virusi yuqishini bartaraf etadi.

Ahamiyatli jihati, Amerikaning Moderna vaksinasi JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan (“Pfizer”, “Johnson & Johnson” kompaniyalarining vaksinalari, shuningdek, “AstraZeneca” kompaniyasining ikki turdagi preparatidan soʻng) beshinchi vaksina hisoblanadi. JSST ekspertlar guruhi vaksinaning virusga qarshi 94,1 foiz samarador ekanini taʼkidlab, uni 18 yoshdan katta boʻlgan barcha aholi guruhlari uchun tavsiya qilgan.

JSSTning maʼlumotiga koʻra, vaksina koʻp dozali flakonda –25ºC dan –15ºC gacha boʻlgan muzlatilgan suspenziya sifatida yetkazilsa-da, flakonlarni birinchi dozani olishdan oldin 30 kungacha 2–8°C haroratda sovutgichda saqlash mumkin. Bu degani preparatni joylarga yetkazish uchun sovuqlik zanjirini taʼminlovchi uskunalar boʻlishi har doim ham shart emas. Uni oddiy sovutkichda ham saqlasa boʻladi. Mazkur vaksina teri ostiga yuboriladi, emlash 28 kunlik interval bilan ikki dozadan iborat.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart oyida COVAX dasturiga asosan 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi keltirilgan edi. Shunday qilib, jami vaksina zaxirasi 12 million 580 ming 60 dozani tashkil qilmoqda.
Ulardan:

  • 370 ming dozasi “Sputnik V”,
  • 710 ming dozasi AstraZeneca,
  • 8,5 million dozasi ZF-UZ-VAC2001,
  • 3 million 60 dozasi Moderna vaksinasidir.

Hozirda yurtimizda (28-iyul holatiga koʻra) koronavirus infeksiyasiga qarshi jami 6 982 431 doza vaksinadan foydalanildi, 1 149 687 nafar fuqaro toʻliq emlandi.

Bugun, 30-iyul kuni soat 11:00 da Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati binosida rasmiy vakillar ishtirokida Moderna vaksinasini rasmiy topshirish marosimi boʻlib oʻtadi.

Latest from Blog