Oʻzbekistondagi soliq islohotlari rivojlanishga turtki beryaptimi?

/

Soliq islohotlari aslida soliq nazariyasi va amaliyotini muvofiqlashtirish asosida soliq yukini kamaytirish, soliqqa tortishni soddalashtirish, soliq yordamida iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash maqsadlarida davlat tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlardir.

Jahondagi rivojlangan mamlakatlarda Soliq islohotlari davriy oʻtkazilib turiladi. Muayyan soliq turini joriy etish yoki bekor qilish, ayrim turdagi soliqlar ulushini oshirish yoki kamaytirish, soliq daromadlarini qayta taqsimlash va boshqa koʻrinishlarda amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilning 29-iyundagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlangan edi. U keng jamoatchilik muhokamasi natijalari hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va xalqaro ekspertlarning tavsiyalaridan kelib chiqib, soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida qabul qilindi.

Farmonga koʻra, avvalo biznes uchun soliq yuki asta-sekin kamaytirildi. Avvalo, 2019-yildan boshlab sugʻurta badallari bekor qilindi va ish haqi boʻyicha soliq stavkalari pasaytirildi, bu esa ish haqi boʻyicha soliq yukining 1,5 baravar kamayishiga olib keldi.

Shu bilan birga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga 3,2 foiz miqdorida ajratmalar bekor qilindi, daromad soligʻi, oborot soligʻi, mol-mulk soligʻi va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yagona soliq stavkalari pasaytirildi.

Ushbu chora-tadbirlar 2019-yilning oʻzida 11,7 trillion soʻmni (1,2 milliard dollar) biznes ixtiyorida qoldirish, aholining real daromadlarini 4,2 trillion soʻmga (442 million dollar) oshirish, 500 mingdan ortiq ish joylarini qonuniylashtirish va 100 mingga yaqin yangi tadbirkorlik subyektlari yaratishga imkon berdi (2018-yilga nisbatan deyarli ikki baravar ortiq).

Stavkalarning pasayishiga va ayrim soliqlarning bekor qilinishiga qaramay, 2019-yilda byudjetga soliq tushumlarining 2018-yilga nisbatan 154 foizga oʻsishi taʼminlandi.

2018-yilda faqat yirik (sanoat) korxonalar QQS toʻlovchilari boʻlib, ularning byudjet tushumlarida QQS ulushi 28,5 foizni tashkil etgan.

Mahalliy mutaxassislar taklif qilganidek, QQS stavkasining 20 foizdan 12 foizgacha keskin pasayishi, oʻsha paytda byudjetning daromad qismi bilan taʼminlanishini xavf ostiga qoʻygan boʻlar edi.

Shuningdek, oʻsha paytda QQSni hisoblash uchun yetarli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmagan kichik biznesni oʻqitish uchun vaqt kerak boʻldi, chunki 27 yil davomida ular soliqlarni faqat soddalashtirilgan tizim boʻyicha toʻlab kelishgan.

Shu munosabat bilan yillik oboroti 1 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan korxonalarni QQSga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Mamlakatda QQSni toʻlaydiganlar soni 82 mingga yetdi (dastlab 35 ming hisoblangan), shundan 15,5 ming nafari (20%) oʻz ixtiyori bilan QQSga oʻtdilar.

YANGI kORXONALAR - Made with DesignCap

Davlat Statistika qoʻmitasi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, 2019-yildan boshlab oʻz biznesini rasmiylashtirgan tadbirkorlar soni ham oshgan. 2018-yilda 41 013 ta korxona va tashkilotlar yangi tashkil etilgan boʻlsa, 2019-yilda ular soni 55 011 tani tashkil etgan. 2020-yilga borib esa raqamlar keskin oʻzgargan — 96 743 ta. 2021-yil III chorak tugamasidan 95 311 korxona va tashkilot yangi tashkil etilgan. (PDF)

2019-yilda Davlat soliq qoʻmitasi Jahon banki, Xalqaro Valyuta Fondi, shuningdek Rossiya Federatsiyasi Federal Soliq xizmati tomonidan 145 ekspert va 66 delegatsiyani qabul qildi. Xalqaro tashkilotlar “islohotlarni amalga oshirishda, avvalo, davlat byudjetining barqaror daromadlarini taʼminlash zarurligini“ taʼkidlagan.

Biznes QQS taʼsirini sezishni boshlaganidan va QQS toʻlovchilar soni koʻpayganidan soʻng, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab mamlakat prezidenti QQS stavkasini 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirdi.

MDH mamlakatlarida QQS stavkalari: Rossiya, Belorussiya, Armaniston, Moldova — 20%, Ozarbayjon, Tojikiston — 18%, Turkmaniston — 15%, Qirgʻiziston va Qozogʻiston — 12%.

QQS MDH 2 - Made with DesignCap

Oʻzbekistonda har oyda soxta hisob-fakturalarni rasmiylashtirish va daromadni kam koʻrsatish bilan QQSdan qochish holatlari mavjud. “QQSdagi boʻshliq” 250-300 milliard soʻmni yoki oylik tushumlarning 20 foizini tashkil etadi.

Hozirda QQS amaliyotida ilgʻor tajribaga ega boʻlgan IT-texnologiyalar va maxsus dasturiy mahsulotlarni joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda, bu esa “QQS boʻshliqni” 0,5% gacha kamaytirdi (Yevropa mamlakatlarida bu koʻrsatkich 10% gacha). Biroq, elektron hujjatlarni almashish xizmatlari toʻliq ishga tushgan boʻlsada, har oyda elektron xizmatlarga yangi uskunalar qoʻshilmoqda va bu oʻz oʻrnida tadbirkorlarga noqulaylik tugʻdirmay qolmayapti.

Byudjet va maqsadli jamgʻarmalarning daromadlari 2019-yilda 137 trillion soʻmni yoki YAIMning 26,1 foizini tashkil etdi, 2018-yilda 108 trillion soʻm yoki YAIMning 26,5 foizini tashkil etdi. Shunday qilib, iqtisodiyotga soliq yuki 0,4 foizga kamaydi.

Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi soliq yigʻishni yana-da koʻpaytirish uchun xalqaro ekspertlar bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvardan boshlab soliq maʼmuriyatini raqamlashtirish boʻyicha uch yillik dasturni amalga oshirmoqda:

  • elektron hisob-fakturalar (joriy yil oxiriga qadar toʻldirilishi rejalashtirilgan);
  • onlayn-kassalar (2022-yil 1-yanvargacha toʻliq oʻtish);
  • tovarlarni markalash (alkogol va tamaki mahsulotlariga oid pilot loyiha amalga oshirilmoqda);
  • elektron buxgalteriya hisobi va transportda yetkazish uchun yagona platforma (“Fan, taʼlim va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida).

Joriy yilning iyun oyida Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bank Ijrochi direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining (DSQ) operatsion samaradorligi va natijadorligini oshirish hamda mamlakat soliq to‘lovchilariga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratilgan soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish bo‘yicha loyiha ma’qullanganini ma’lum qildi.

Loyiha 60 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga amalga oshiriladi. Jahon banki guruhining tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ushbu mablag‘ni O‘zbekiston hukumatiga juda past foizda va 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etadi.

Loyiha uchta asosiy komponentni o‘z ichiga oladi, ular Davlat soliq qo‘mitasining operatsion, institutsional, texnologik va inson salohiyatini rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, O‘zbekistonda soliq qonunchiligi talablariga ixtiyoriy rioya qilishni rag‘batlantiradi.

Latest from Blog