Oʻzbekistondagi 140 ta tashkilot rahbarlari oʻrinbosarlarning biriga “Chiyef Innovation Officer” vazifasi yuklatildi

/

29-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirishning ustuvor vazifalari” mavzusida seminar oʻtkazildi. Seminarda Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova, Innovatsion rivojlanish vazirining Yuqori martabali xalqaro maslahatchisi Karsten Xayns ishtirok etdilar.

Seminar vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha biriktirilgan rahbar oʻrinbosarlarining asosiy vazifalari, funksiyalari, vazirlik tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, tarmoq tashkilotlar tomonidan innovatsion faoliyat sohasida uch yilga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishda asosiy eʼtibor berish kerak boʻlayotgan jihatlar muhokama qilindi.

Davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbar oʻrinbosarlarining biriga innovatsiyalar boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklatilgan boʻlib, ular, xususan, iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlashda ishtirok etish hamda tarmoq boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga masʼuldirlar. Shuningdek, innovatsiyalarni joriy etish rahbar oʻrinbosarlaridan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish hamda ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish choralarini koʻrishlari talab etiladi.

Bugungi kunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 140 ta tashkilotlardagi rahbar oʻrinbosarlarning biriga innovatsiyalarni joriy etish (Chiyef Innovation Officer) vazifasi yuklatildi va ularning bazaviy lavozim maoshiga har oyda 30 foiz miqdorida ustama toʻlanish tizimi joriy etildi. Shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalarida innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga masʼul boʻlinmalar 110 taga yaqin tashkilotlarda tashkil etildi hamda tegishli boʻlinmalarni faoliyati muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Latest from Blog