Oʻzbekistonda shakar narxi nima uchun oshdi?

Shakar narxining oshib ketganiga oid koʻplab bahslar yuzaga kelmoqda. Kimdir shakar foydali mahsulot, bu tarzda oshib ketaversa, oddiy xalq shakar iste’molidan mahrum bo‘ladi deya, shakar narxining oshib borayotganiga norozilik bildirsa, yana kimdir bu mahsulotning zarari haqida gapirib narx oshishi iste’molni kamaytirishi ijobiy natija berishini ta’kidlamoqda. Umuman, bu mahsulotning zarari va foydasini tahlil qilgandan koʻra, masalaning iqtisodiy jihatiga yondashish shakar savdosining yaqqol kartinasini namoyon qilishi tabiiy. Demak, Oʻzbekistonda nima uchun so‘nggi haftalarda shakar narxi oshdi, oʻzi shakar narxining bizning iqtisodiyotda qizil chizig‘i qayerda kabi savollarga javob izlaymiz.

Birjadagi oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, kecha 28-sentabr kuni shakarning (Angren va Xorazm shakar zavodlari mahsuloti) o‘rtacha narxi 6300 so‘mdan 6842 soʻmgacha, oʻtgan hafta esa narx 6122 so‘mdan 6936 so‘mgacha boʻlgan. Shakar narxi 6000 soʻmlik dovondan 17-sentabr kuni oshib oʻtgan ( bu kunda shakar 5991-6000 soʻmga sotilgan) Ichki shakar narxi oʻtgan oyning shu davrida 5851-5854 soʻm atrofida bo‘lgan. Iyul va avgust oyi oxirida ichki shakar narxi deyarli bir xil, sentabr oyi oxiriga kelib esa narx keskin oshganini ko‘rish mumkin: 500 soʻmdan 800 soʻmgacha.
Shakar narxi oshishining birinchi faktori sifatida iyul oyida Oʻzbekistondagi ikki shakar zavodi yopilganini va omborlarda zaxira borligi aytiganiga qaramay, zaxira kamayib borayotganini ehtimoliy sabab sifatida koʻrish mumkin. 2020-yil iyul oyida Oʻzbekistondagi ikki shakar zavodi – Toshkent viloyatdagi “Angren shakar” QK va Xorazm viloyati Xasorasp tumanidagi “Xorazm shakar” AJ QK ish faoliyatini to‘xtatgandi.
“Angren shakar” bosh direktori Rustam Akbarxoʻjayev va “Xorazm shakar” bosh direktori Umidjon Komilovning qoʻshma bayonotida, yangi xomashyo partiyasi kelgunga qadar profilaktik tozalash ishlari olib borilayotgani ta’kidlangan edi.
“Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga import qilinadigan shakar bilan raqobatlashish qiyin, chunki aprel oyining boshidan boshlab 20 turdagi tovarlar, shu jumladan, shakar importiga bojxona toʻlovlari va aksiz soligʻi stavkalarini nolga tenglashtirildi, mahalliy korxonalar esa aksiz soligʻini to’lashni davom ettirmoqda. Bundan tashqari, 1-yanvardan boshlab mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali xaridorlarning barcha toifalari uchun teng ravishda chiqarilar edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha respublikaning chekka hududlarida joylashgan iste’molchilarga chakana savdo tarmoqlarida sotiladigan, ishlab chiqarish hajmining 10 foizdan oshmaydigan miqdori bundan mustasno”, – degan edi “Gazeta.uz”ga “Angren shakar” korxonasi vakili.

2020-yilning 3-aprel kuni Prezident “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5986-sonli farmonni imzolagan edi. Farmon bilan 2020-yil oxiriga qadar Oʻzbekistonga bojxona boji va aksiz soligʻisiz olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatiga tayyor shakar ham kiritilgan edi.

Shakar narxining oshishi haqida iqtisodchi Otabek Bakirov shunday deydi: “Bizda shakarning narxi oshishiga asosiy sabab iyul oyida yopilgan ikki shakar zavodida zaxira deyarli qolmaganidir. Ikkinchi sababi esa import hajmi kamaygan. Importning kamayishi ortidan konditer, yaxna ichimlik suvi ishlab chiqaruvchilar ham o‘z talabini ichki bozordagi taklifdan qidirmoqdalar. Import nega kamaymoqda degan savolni menga emas, hukumatdagi ma’murlarga yoki shakar importining egalariga bergan ma’qul.”
Iqtisodchiga ikki shakar zavodini asrab qolish uchun import shakarga boj va aksiz soligʻini saqlab qolish toʻgʻri yechim boʻlarmidi, shunda narxlar stabil qolarmidi degan savol bilan yuzlanganimizda u “agar ichki shakar zavodlarining foydasiga yana bojni oshirsak, shakar narxi keskin oshishi va aholi noroziligi yana kengayishi mumkin edi. Bu hozircha kerak emas. Shunchaki ma’lumot sifatida, bizning shakar zavodlari ishlab chiqarayotgan shakar tannarxi import qilinayotgan shakar ulgurji narxlari chizigʻida, ya’ni raqobatbardosh emas. Agar import qisqargani bilan bogʻliq vaziyat oʻzgarmasa, “Angren shakar” va “Xorazm shakar” bojxona toʻlovlari va aksiz solig’i stavkalari tiklanmasa ham o’z mavqeini qayta oʻnglab oladi. Faqat shakar narxlari biz koʻnikkanimizdan birmuncha baland bo’ladi”, – deya javob berdi.
Shuni taʼkidlash joizki, ikki zavod yopilganiga qaramay, korxonalarning omborlarida kuniga ming tonnadan realizatsiya qilinadigan 47 ming tonnadan ortiq shakar zaxirasi mavjud, shu sababli tanqislik kuzatilmasligi ma’lum qilingandi.
Bu borada “Angren shahar” zavodi mutaxassisiga: “Zavodda shakar zaxirasi tugamoqdami, nega narxlar oshmoqda?”, degan savol bilan yuzlanganimizda: “Shakar zaxirasi hali bor, narx birjada erkin oshyapti. Narx oshishi zavod bilan bogʻliq emas”, degan javobni berdi. Zavodda qancha shakar zaxirasi bor degan savolimizga mutaxassis javob berishni xohlamadi. “Xorazm shakar” zavodidan esa javob olish imkoni boʻlmadi.
O‘zbekistonga shakar import qiluvchi “Vita Verde import” hamda “Demense Trade” kompaniyalarining mahsulotlari ichki shakar narxidan biroz arzon bo‘lishiga qaramay, iyul oyi oxiridan beri birjada deyarli sotilmay kelmoqda. 22-sentabrdan buyon esa import shakar birjaga qo‘yilmayapti.
Statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga qaraganda, 2020-yil yanvar-avgust oylarida 166,9 million dollarlik shakar, shakardan tayyorlangan mahsulotlar va asal import qilingan. Bu mahsulot importi o‘tgan yilgi importga nisbatan 9,4 foiz kamayganini ko‘rsatmoqda.
Shakar narxining oshishi katta ehtimol bilan jahon bozorida narxning oshishi bilan bogʻliq emas, chunki soʻnggi ikki oyda shakar kottirovkalari oʻzgarishsiz qolmoqda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog