Foto: neftok.ru

Oʻzbekistonda paxta yogʻi va benzin narxi koʻtarildi

/

Oʻtgan hafta davomida, yaʼni 26-aprel – 2-may kunlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ ning barcha savdo platformalarida 1 817,4 mlrd soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,7% ga koʻpdir. Bunda sotuvlarning 85,2% – birja savdolari, 2,7% – koʻrgazma-yarmarka savdolari, 11,8% – elektron davlat xaridlari va 0,3% – avtoraqamlarning onlayn-auksioniga toʻgʻri keldi.

Oʻtgan haftada birja savdolariga 8 047,0 tonna paxta yogʻi qoʻyilgan boʻlsa, shundan 6 902,0 tonna, yaʼni 85,8% hajmdagi paxta yogʻi sotilgan. Elektron savdolarda ishtirok etgan xaridorlarning oʻrtacha kunlik soni 130 kishini tashkil qildi.

Koʻrib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yogʻining kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 004,1 ming soʻmdan 17 228,7 ming soʻmgacha, yaʼni 14,8% ga koʻtarildi. Hafta yakunlariga koʻra 1-navli paxta yogʻining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 16 310,3 ming soʻmni tashkil etdi.

Oʻtgan haftada sotuvchi korxonalar avtomobil benzinining birjadagi boshlangʻich narxlarini oshirishdi. Birja savdolariga 38 599,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qoʻyildi va ulardan 12 292,0 tonnasi, yaʼni 31,8% sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 34 xaridor ishtirok etdi.

Koʻrib chiqilayotgan davrda sotuvchi korxonalar AI-80 markali avtomobil benzinining oʻrtacha boshlangʻich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun 6 361,8 ming soʻmdan 6 474,3 ming soʻmgacha yoki 1,8% ga koʻtarishdi. Shu munosabat bilan, AI-80 markali avtomobil benzinning oʻrtacha kunlik narxi ham mos tarzda 6 362,1 ming soʻmdan 6 475,6 ming soʻmgacha, yaʼni 1,8% ga, yaʼni sotuvchilarning boshlangʻich narxlarini koʻtarishi hisobiga oʻsdi.

Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning oʻrtacha haftalik kotirovkasi 6 468,1 ming soʻmni, AI-91 – 7 723,8 ming soʻmni tashkil etdi.

Eslatib oʻtamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi oʻrtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Latest from Blog