Oʻzbekistonda “Maktabgacha taʼlim fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha taʼlim fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Loyihaga koʻra, “Maktabgacha taʼlim fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.

Koʻkrak nishoni bilan maktabgacha taʼlim sohasida oʻsib borayotgan avlodni sogʻlom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnat qilgan hamda soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan fuqarolar taqdirlanadi.

Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Maktabgacha taʼlim vaziri tomonidan koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha Komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.

Komissiya yigʻilishida nomzodlar boʻyicha hujjatlar oʻrganilib, har yili 10-sentabrgacha eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Komissiya tomonidan nomzodlarni koʻkrak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:

ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish, maktab taʼlimiga tayyorlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, bola shaxsiga axloqiy meʼyor va qadriyatlarni singdirish, shuningdek, vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnati hamda soha rivoji boʻyicha olib borgan ishlari;

maktabgacha taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng islohotlarni targʻib etishdagi faolligi;

maktabgacha taʼlim sohasiga innovatsiyalarni, ilgʻor pedagogik

va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish boʻyicha amalga oshirgan ishlari;

maktabgacha taʼlim sohasini yana-da rivojlantirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb etishdagi samarali faoliyati;

maktabgacha taʼlim sohasidagi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan samarali nazoratini amalga oshirganligi;

maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish istiqbollari va mavjud muammolarni chuqur ilmiy tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan taklif, yangilik va ishlanmalarining dolzarbligi va amaliyotga joriy etilganligi;

maktabgacha taʼlim sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda faol ishtirok etganligi;

maktabgacha taʼlim tashkilotlarining muqobil shakllarini amaliyotga keng joriy etish boʻyicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqqanligi;

maktabgacha taʼlim tizimining nodavlat sektorining rivojiga munosib hissa qoʻshganligi.

Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog