Oʻzbekistonda korrupsiya jinoyatlari haqida xabar qilganlarga bir martalik pul mukofoti beriladi

Foto: Yandex.uz

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar ragʻbatlantiriladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasida qayd etilgan.

Hujjatda alohida qayd etilishicha, ragʻbatlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Taʼkidlanishicha, qaror bilan tasdiqlanadigan Nizom talablari quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

mansabdor shaxslar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashuvchi shaxslar;

qonun hujjatlariga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan yoki korrupsiyaga

oid huquqbuzarliklarni bevosita sodir etgan shaxslar.

Ragʻbatlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma

yoki esdalik sovgʻa shaklida belgilanadi.

Unga koʻra, quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlgan taqdirda pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:

fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan oʻzlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki oʻzlariga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;

nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisi oʻziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud oʻziga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga (korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning xodimlari esa bevosita oʻz rahbariga) bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;

korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda boʻlgan shaxs toʻgʻrisida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bergan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.

Quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:

a) korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun ‒ bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;

b) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining

oʻttiz baravarigacha boʻlsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:

ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat uchun ‒ besh baravar;

uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun ‒ yetti baravar;

ogʻir jinoyat uchun ‒ oʻn baravar;

oʻta ogʻir jinoyat uchun ‒ oʻn besh baravar;

v) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining

oʻttiz baravaridan yuz baravarigacha boʻlsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:

ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat uchun ‒ oʻn baravar;

uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun ‒ oʻn besh baravar;

ogʻir jinoyat uchun ‒ yigirma baravar;

oʻta ogʻir jinoyat uchun ‒ yigirma besh baravar;

g) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining

yuz baravaridan koʻp boʻlsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

ancha miqdor uchun ‒ oʻn besh foizi;

koʻp yoki juda koʻp miqdor uchun ‒ oʻn foizi.

Bunda, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymatini foizlarda hisoblashda qonunchilikda belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi.

d) qidiruvda boʻlgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari,

ikki nafar qidiruvda boʻlgan shaxslarning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun esa ‒ yetti baravari miqdorida.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega boʻlgan dalillar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berganlik yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda bevosita koʻmaklashganlik uchun tashakkurnoma yoki esdalik sovgʻa shaklida ragʻbatlantirish tarzida taqdirlanadi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.

Bir martalik pul mukofoti tegishli moliyaviy hujjatlarga oʻzgartirish kiritilgandan soʻng oʻn ish kuni mobaynida shaxslarning shaxsiy hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog