Oʻzbekistonda jamoat joyida hijobda yurish uchun oʻrnatilgan taqiq bekor qilinishi mumkin

Foto: Google

Oʻzbekistonda fuqarolarning jamoat joylarida diniy liboslarda yurishiga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida belgilangan. Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinyapti.

Qonun loyihasi har kimning vijdon erkinligiga boʻlgan huquqini, dinga boʻlgan munosabatdan tashqari fuqarolar tengligini, jamiyatda millatlararo va konfessionlararo kelishuvni taʼminlash borasida davlat organlari va diniy tashkilotlar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonunning yangi tahriri loyihasida 1998-yil 1-mayda qabul qilingan tahriri 14-moddasiga (diniy urf-odatlar va marosimlarni oʻtkazish tartibini belgilovchi modda) oʻzgartirishlar kiritilgan.

Amaldagi Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.

Loyihada esa diniy marosim va ibodatlarga oid tartib 13-moddada belgilangan va unda “jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishga” oid cheklovlar nazarda tutilmagan. Yaʼni amaldagi Qonunning mazkur cheklovga oid qismi chiqarib tashlanmoqda.

Maʼlumot uchun, shu kunga qadar jamoat joyida ibodat libosida, jumladan ayollarning hijobda yurishlari taqiqlangandi. Bunga “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi asos qilib koʻrsatilgan.

Shu bilan birga “ibodat libosi” tushunchasi atrofida ham turli tushunmovchiliklar kelib chiqayotgan edi. Ammo bu tushunchaga yangi qonun loyihasida ham aniqlik kiritilmagan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog