Foto: Xabar.uz

Oʻzbekistonda iyun oyida avtomobillar narxi qariyb 14 foiz oshdi

Iyun oyida avtomobil bozoridagi narxlar may oyiga nisbatan 13,7 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov OʻzAga maʼlum qildi.

Mutaxassis joriy yilning yanvar-iyun oylarida koʻchmas mulk va avtomobil bozorlaridagi talab oʻzgarishlarni tahlil qilgan.

Unga koʻra, 2021-yilning iyun oyida avtomobil bozorida aholining talabi joriy yilning may oyiga nisbatan 13,7 foizga oshib, moʻtadil oʻsishni koʻrsatdi. Avtomobillar savdosining oʻsishi 2020-yilning iyun oyiga nisbatan 12,9 foizni, 2019-yilning shu davriga nisbatan esa 29,6 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida roʻyxatga olingan va qayta roʻyxatga olingan avtomobillar soni barcha viloyatlarda (Sirdaryo viloyatidan tashqari) yuqori surʼatlarda oshdi. Eng yuqori oʻsish surʼatlari Namangan (22,6 foiz), Navoiy (20,9 foiz), Samarqand (18,8 foiz), Fargʻona (16,2 foiz) va Toshkent (16,4 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, avtokreditlar hajmi va avtomobillarga boʻlgan talab oʻrtasida sezilarli darajada bogʻliqlik mavjud. Avtokreditlar hajmining 10 foizga oshishi roʻyxatga olingan va qayta roʻyxatga olingan avtomobillar sonining 4 foizga oshishiga olib keladi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilning yanvar-may oylarida respublika boʻyicha aholiga 2,67 trillion soʻm avtokredit berildi. Bu 2020-yilning shu davriga nisbatan 40,5 foizga koʻproqdir.

Iyun oyida 18,9 mingta yangi avtomobil roʻyxatga olindi. Ulardan 1 ming 171 tasi (6,2 foiz) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillardir. Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng koʻp sotilgan hududlar Toshkent shahri (yangi avtomobillarning 11,8 foizi), Toshkent (5,7 foiz), Samarqand (3 foiz) va Xorazm (2,4 foiz) viloyatlari boʻldi.

Latest from Blog