Oʻzbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari oʻzaro siyosiy muzokaralar olib bordi

Oʻzbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov va Sirojiddin Muhriddin bugun Dushanbe shahrida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari toʻgʻrisida siyosiy muzokaralar olib bordi.

Foto: Dunyo AA

Maslahatlashuvlar davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, suv-energetika, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik hamda BMT, YEXHT, SHHT, MDH, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi kabi xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalarni yana-da faollashtirish masalalari muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri TIVga tayanib.

Davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va qoʻllab-quvvatlashi natijasida Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarining soʻnggi yillarda sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarilgani va barqaror oʻsish surʼati olganligi qayd etildi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasining misli koʻrilmagan darajada ortishi kuzatilmoqda. 2019-yil yakunlariga koʻra, mazkur koʻrsatgich 500 million dollarni tashkil etdi.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi bilan bogʻliq cheklov choralariga qaramay joriy yil yanvar-iyul oylarida oʻzaro tovar ayriboshlash hajmlari oʻsishi 7,5% ni (255,4 mln. dollarni) tashkil etgani taʼkidlandi.

Vazirlar pandemiya sharoitida koʻrsatilayotgan oʻzaro koʻmak Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik va yaqin hamkorlik munosabatlaridan guvohlik berishini eʼtirof etdilar.

Muzokaralar davomida Qirgʻizistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Uchinchi Maslahatlashuv uchrashuviga tayyorgarlikning borishi toʻgʻrisida ham fikr almashildi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog