Foto: Xalq so'zi

Oʻzbekiston reytingi AQSH Davlat departamentining odam savdosiga oid 2021-yil hisobotida yuqoriladi

2-iyul 2021-yil – Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonning reytingi Odam savdosi boʻyicha yillik hisobotning 2-guruh maxsus kuzatuv roʻyxatidan 2-kuzatuv roʻyxatiga koʻtardi. Bu haqda AQShning Oʻzbekistondagi Elchixonasi xabar qildi.

Odam savdosi boʻyicha bu yilgi hisobotda Oʻzbekiston hukumatining paxta yigʻim-terimida majburiy mehnatning oldini olish, majburiy mehnatga qarshi qonunlar buzilishini aniqlash hamda qonunbuzarlarni javobgarlikka tortishga oid saʼy-harakatlari eʼtirof etilgan.

2020-yilda mehnatni nazorat qilish, huquqni muhofaza etish va faoliyati odam savdosiga yoʻnaltirilgan fuqarolik jamiyati institutlari kuchaytirildi. Shuningdek, fuqarolar ham majburlashga qarshi turish va turli huquqbuzarliklar toʻgʻrisida xabar berish huquqlaridan tobora boxabar boʻlib bormoqda. Shu kabi muhim yangiliklar Davlat departamentining Oʻzbekiston reytingini koʻtarish toʻgʻrisidagi qaroriga asos boʻldi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari mehnat qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini taʼminlash, jumladan, majburiy mehnatga oid barcha holatlarga jinoyat sifatida qarash orqali Oʻzbekistonni ushbu sohadagi muhim oʻsishni davom ettirishga undaydi. AQSH bundan keyin ham Oʻzbekiston hukumatini ekspluatatsiya qilinishning oldini olish maqsadida paxta klasterlari va fermerlar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar shaffofligini oshirishga hamda mustaqil mehnat jamoalari va jamoaviy bitimlar boʻyicha muzokaralar olib boruvchi tashkilotlar shakllanishini himoya qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishga ruhlantiradi. Amerika Qoʻshma Shtatlari majburiy mehnatga barham berish va odam savdosiga qarshi kurashda Oʻzbekiston hukumatining sodiq hamkori boʻlib qoladi, deyiladi elchixona xabarida.

Latest from Blog