Foto: www.oxusculture.com

Oʻzbekiston musiqa merosi xalqaro festivallarda ijro etilmoqda

Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi xalqaro musiqa Festivallarida yangrashda davom etmoqda. Nihol mukofoti sovrindori, oʻzbek anʼanaviy va xalq musiqa merosi namunalarining mohir ijrochisi Gulzoda Xudoynazarova 12-18-iyulda, Finlyandiyaning “Kaustinen” xalqaro festivalida ishtirok etdi.

Gulzoda Xudoynazarova Daniya, Italiya, Angliya, Shotlandiya, Nepal va boshqa oʻlkalar jamoalari ishtirok etgan ushbu festivalda asosan UNESCO Nomoddiy madaniy meros roʻyxatidan oʻrin olgan Shashmaqom, Katta ashula musiqa merosi asosidagi 50 daqiqalik konsert taqdim etdi.

Buxoroning MANZUR ansambli esa 28-31-iyul sanalarida Butan davlatida boʻlib oʻtadigan “Hidden Kingdom” Xalqaro Dunyo musiqasi festivalida ishtirok etadi. Gollandiya, Tojikiston, Nepal, Butan, Iordaniya, Hindiston va boshqa davlatlar jamoalari ishtirok etayotgan ushbu festivalda MANZUR Ansambli Shashmaqom musiqa merosi bilan birgalikda Buxoro hududiga xos musiqa va ashulalar, shuningdek Ansambl aʼzolari ijodiga mansub bastakorlik asarlari bilan ishtirok etishadi.

Oʻzbekistonlik jamoalarning ushbu Festivallardagi ishtiroki “OXUS Culture” jamiyati tomonidan muvofiqlashtirilgan boʻlib, jamiyat oʻtgan 2016-2020-yillarda Yevropa va Osiyoning 20ga yaqin davlatlarida Oʻzbekistonning anʼanaviy va musiqa merosi namunalari, milliy raqslarini targʻiboti oʻlaroq 140dan ortiq konsert, chiqishlar, mahorat darslari tashkillashtirish bilan bir qatorda Oʻzbekiston musiqa madaniyati, Oʻzbekistondagi xalqaro festivallar borasida taqdimotlar qilib kelgan.

COVID 19 cheklovlari sababi Oʻzbekistonlik jamoalarning 2020-yilda rejalashtirilgan Yevropa va Osiyo davlatlaridagi 40dan ortiq ijodiy safarlar bekor qilingan.

Latest from Blog