“Oʻzbek kinosi jar yoqasiga kelib qolgan” – bir guruh kinoijodkorlar Saida Mirziyoyevaga murojaat yoʻlladi

Tahririyatimizga bir guruh kinoijodkor oʻzlarining Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash Komissiyasi aʼzosi, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyevaga yoʻllagan murojaatini chop etishimizni soʻrab taqdim etishdi. Murojaatni eʼtiborlaringizga havola qilamiz.

kino

Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash

Komissiyasi aʼzosi, Milliy mass-mediani

qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish

jamoat fondi Vasiylik kengashi

raisi oʻrinbosari S.Sh.Mirziyoyevaga

 Hurmatli Saida Shavkatovna!

Avvalambor bor, Sizni yangi insonning, farzandingiz, oʻgʻlingiz – Shavkatjonning dunyoga kelishi bilan muborakbod etamiz. Yaratgandan unga sogʻliq-salomatlik, buvasidek hurmat-eʼtiborga sazovor inson boʻlib ulgʻayishini tilab qolamiz. Shu bilan birga, Ona uchun eng masʼuliyatli boʻlgan ayni ana shu pallada Sizga oʻz muammolarimiz bilan murojaat etayotganimiz uchun ming bor uzr soʻraymiz.

Joriy yilning aprel oyida oʻzbekistonlik kinoijodkorlarning 109 nafari “Oʻzbekkino” Milliy agentligiga F.Abduxoliqov rahbar etib tayinlanganidan soʻng oʻzbek milliy kinosi sohasida yuzaga kelgan noxush vaziyat, qonunbuzarliklar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga yozma murojaat etgan edi. Bu murojaat pandemiya munosabati bilan eʼlon qilingan karantin paytida joʻnatilgani tufaylimi, negadir, javobsiz qoldi. Vaholanki, u murojaatda kinoijodkorlar, kinomutaxassislarning oddiy muammolari emas, balki oʻzbek kinosini muqarrar tanazzulga yetaklayotgan aniq faktlar ham bayon etilgan edi.

Shu murojaat yoʻllangandan soʻng, ahvol yana-da yomonlashdi. Murojaatga imzo chekkan kinoijodkorlar, Agentlik xodimlari, kinomutaxassislar rahbar va uning atrofiga toʻplangan ayrim kimsalarning juda qattiq bosimi ostida qoldi. Bu xatga imzo chekmagan ayrim mutaxassislar ham kino sohasidan ancha yiroq bu kimsalar yuritayotgan siyosatning qurbonlariga aylanishmoqda. Bunday bosimni koʻrgan, bilgan koʻplab kinoijodkorlar esa “yaxshilikcha” bu sohani tark etishni afzal bilishyapti. Oʻzbek kinosida yuzaga kelgan bu vaziyat haqida Internet ijtimoiy tarmoqlarida yozib yoki intervyu berib jamoatchilikning eʼtiborini bu muammoga qaratishga va shu orqali yechim topishga harakat qilayotgan kinoijodkorlar va xodimlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali bosim oʻtkazish bilan kifoyalanmasdan, balki ular ustidan turli huquq-tartibot organlariga hamda boshqa tashkilotlarga tuhmat xatlari yozib, ularga qarshi jinoiy ishlar ochishgacha borishmoqda. Ayniqsa, ayollarga nisbatan boshlangan tazyiqlar (Agentlikning oʻzida F.Toʻraxoʻjayeva, N.Yaminova, X.Ismoilova va kino sohasida faoliyat yuritayotgan – F.Jonibekova, L.Karimova), ularning huquqlarini poymol qilish holatlari shu darajaga yetdiki, hatto oilasi karantinga olingani uchun ishga kelolmagan ayollarni ishdan boʻshatish uchun qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Koronavirus bilan xastalangan farzandini davolash bilan mashgʻul boʻlgan ayollar ustidan sogʻliqni saqlash boʻyicha yuqori muassasalarga, poliklinikalarga qayta-qayta xatlar joʻnatib, hozirgi ogʻir sharoitda (Yurtimizda koronavirusdan xastalangan, bu xastalik tufayli nobud boʻlayotganlar ozmunchami?!) shifokorlarning ham qimmatli vaqtlarini oʻgʻirlanishiga, xodim ayollarni esa asabiylashtirib, ularning sogʻliqlarini yana-da ogʻirlashishiga sababchi boʻlishmoqda. Ish joylari qisqartirilgani tufayli sarson-sargardon boʻlayotgan Agentlik xodimlari F.Qoraboyeva va M.Hasanboyeva esa Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi aralashuviga va ular tomondan berilgan yozma xulosa qaramay, bu ayollar hamon ish bilan taʼminlanmagan. Bu holatlarni kuzata turib, beixtiyor Sizning joriy yil 25-fevralda “Oʻzbegim ayoli” mukofotini topshirish marosimida aytgan “Ayol boʻlgani uchun unga koʻp eshiklar yopiladi”deya afsuslanib, hamda “Ojiza deb atalguvchi siz ayollar har lahzada kuchingiz, bardoshingizni namoyon qilasiz. Sizning har kuningiz qahramonlik. Koʻzga koʻrinmaydigan, birov bilib, birov bilmaydigan jasoratdir. Siz tahsinga sazovorsiz”, deya faxr bilan aytgan soʻzlaringizni esladik.

Internet tarmoqlarida muammolarni bayon etishga harakat qilgan ayollarga nisbatan oʻtkazilayotgan bosim haqida, ayni paytda huquq-tartibot organlarida toʻplangan hujjatlarning hajmi, bemalol, bir necha tomlik asarga yetgulik, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ularni haqoratlash, ularga nisbatan tuhmatlar uyushtirish holatlarini chetda turib kuzatgan odam, bularning bari kinodek buyuk sanʼat kishilari orasida sodir boʻlayotganidan ajablanishi, turgan gap.

Kinoijodkorlarning ishlab chiqarish jarayonidagi filmlarini sunʼiy ravishda toʻxtatish, ularni rahbarga moyilligiga qarab “yaxshi-yomonga” ajratish, bu guruhlarni bir-biriga gij-gijlash, kinolarga sarflangan mablagʻlar toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumotlarni Internet tarmoqlarda joylashtirib, ommada oʻzbek milliy kinosi haqida noxush kayfiyat shakllanishiga turtki berish holatlari kundan-kunga avj olmoqda. Ayniqsa, tuhmat yangi rahbar va uning atrofidagi kimsalarning eng yaxshi quroliga aylangan. Bu kabi tuhmatlar bilan ilgari toʻqnash kelmagan kinoijodkorlar, kinomutaxassislarning sogʻliqlari yomonlashgan (oʻlim holati ham qayd etilgan) vaziyatlar juda koʻp sodir boʻlyapti.

Oʻzbek kinosidagi bugungi vaziyat haqida yana koʻp yozishimiz mumkin. Faktlar ham koʻp. Lekin Sizning qimmatli vaqtingizni tafsilotlar bilan band qilish niyatimiz yoʻq. 2020-yil 26-avgust kuni “Milliy” telekanalida kinoijodkorlar bilan yuzaga kelgan muammolar haqida suhbatlashilib, bu koʻrsatuv efirga uzatildi. Bu koʻrsatuv omma orasiga kirib borishga ulgurgan notoʻgʻri maʼlumotlarga biroz boʻlsa-da oydinlik kiritdi. Sizga murojaat qilishimizning sababi juda katta bosim va tazyiqlarga uchrayotgan ayollarimiz uchun, Siz bir najot timsolideksiz, goʻyo.

Toʻgʻri, bu biz yozayotgan ilk maktub emas. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yozganimizdan keyin boshqa tashkilotlarga ham murojaat etdik. Mashhur kinorejissyor Oʻzbekiston sanʼat arbobi Z.Musoqov ham bedodlikka chidayolmay Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevga murojaat etdi (Prezident xalq qabulxonasi orqali 2.09.2020-y. tartib raqami 8187-ar/20 va Prezident veb-saytiga va 3.09.2020-y.da tartib raqami 82905-s/20 murojaatlar). Bu xatlarimiz qandaydir toʻsiqlarga uchrayotgandek, goʻyo. Chunki, biz Prezidentimizga ishonamiz! Ular bizni bu qiyin ahvolda qoldirmagan boʻlardilar. Sizdan iltimos qilamiz, oʻzbek milliy kinosini jar yoqasiga kelib qolgani haqida Prezidentimizni ogoh etishda bizga yordam bersangiz.

Sizga cheksiz hurmat bilan bir guruh kinoijodkorlar.

Ushbu murojaatga imzo chekkanlar:

1. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va tizimidagi 7 nafar ayol xodimi –

(qoʻshimcha tazyiqlar boʻlmasligi uchun ism-shariflarini oshkor etilishini lozim topmadik)

2. “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, “Doʻstlik” ordeni sohibi kinorejissyor – Jahongir Qosimov ( “Ibrat” tarixiy filmi 2020-y.)

3.“Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist”, kinorejissyor –

Abduxalil Mingnorov ( “Termiziy” tarixiy filmi 2019-y.)

4. “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, kinorejissyor – Jahongir Ahmedov (“Ilhaq” tarixiy filmi 2020-y.)

5. “Shuhrat” medali sohibi, “Ehtirom” ,“Oltin Humo” milliy mukofoti sovrindori,“KINOSHOK-2019-y.” xalqaro kinofestivali “Gran-pri” gʻolibi – Umid Hamdamov ( “Issiq non” filmi 2019-y.)

6. “Shuhrat” medali sohibi, “Ehtirom”,“Tasanno” milliy mukofotlari sovrindori, Rossiyatelevideniye akademiyasining “TEFI SODRUJESTVO-2019” xalqaro kinofestivali gʻolibi, “Slyavanskaya skazka” xalqaro kinofestivali “Gran-pri”, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” gʻolibi (Sofiya,Bolgariya 2019) – Muzaffarxon Erkinov (“Avloniy” tarixiy filmi 2019-y.)

7. “Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” aʼzosi, bir necha xalqaro kinofestivallar Sovrindori, kinorejissyor –

Sarvar Karimov (“Sarvqomat dilbarim” filmi 2018-y.)

8. “Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” raisi oʻrinbosari, kinossenarist,kinorejissyor – Joʻrabek Roʻzmetov(“Islomxoʻja”tarixiy filmi 2018y.)

9. “Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” aʼzosi, bastakor, kinoprodyuser –

Doniyor Agzamov (“Baron-2” filmi 2020-y.)

10. “Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” aʼzosi, kinoprodyuser –

Zafar Yuldashev (“Ilhaq” tarixiy filmi 2020-y.)

va boshqalar…

Murojaatga Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova va Oʻzbekiston sanʼat arbobi – Zulfiqor Musoqov hamda 109 nafar oʻzbek milliy kino sanʼati ijodkorlarining murojaatlari ilova qilingan.

P/S: Tahririyatimizga maʼlum qilinishicha, murojaat joriy yilning 21-sentabr kuni Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga topshirilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog