Oʻtgan oʻquv yilida abituriyentlardan 896,4 mln. soʻm ortiqcha toʻlov undirilgan

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida aytib oʻtildi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan yigʻilishda ayrim byudjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlari shakllantirilishi va ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, 2018 — 2020-yillarda test sinovlari shaffof va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash uchun jamgʻarma hisobidan 93,3 mlrd soʻm sarflangan. Shunga qaramay 2019-2020 oʻquv yili qabuli test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan abituriyentlardan 896,4 mln. soʻm ortiqcha toʻlov undirilgan, 30 mlrd. soʻm mablagʻ tijorat banklari depozitlariga elektron saralash tizimisiz toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan kelishuv asosida joylashtirilgan.

Shuningdek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya qilmasdan 11,2 mlrd. soʻmlik xaridlar amalga oshirilgan.

Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlaridan 26 ta tuman (shahar) aholi bandligi markazlariga haq toʻlanadigan jamoat ishlarining 2020-yil uchun xarajatlar smetasiga nisbatan jami 259,5 mln soʻm mablagʻ ortiqcha sarflangan.

Bandlik markazlari tomonidan amalda ishsiz deb eʼtirof etilmagan va haqiqatda ish bilan band boʻlgan fuqarolarga 93 mln. soʻm jamgʻarma mablagʻi noqonuniy berilgan. Oxirgi 2 yilda jamgʻarmaning 10 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻi noqonuniy sarflangan.

Latest from Blog