Oʻlchovli yombilar va qimmatbaho tangalarni olib chiqishga ruxsat berildi

Bu Prezidentning 2020-yil 22-sentabrdagi Farmonida nazarda tutilgan deb yozmoqda “Norma”.

Jismoniy shaxslar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan tayyorlangan oʻlchovli yombilar va Markaziy bankning qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarini mamlakatimiz hududidan tashqariga cheklovlarsiz olib chiqish huquqiga ega boʻlishdi. Bunda ikkita shart mavjud:

tegishli sertifikatlar mavjud boʻlishi;

olib chiqishning meʼyoridan oshgan taqdirda — majburiy ravishda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish.

Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Moliya vazirligi tasarrufiga oʻtkazilganligi munosabati bilan MB huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tugatiladi. Uning oʻrniga MBning markaziy apparati tuzilmasida Qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash xizmati tashkil etiladi. U Markaziy bank tomonidan xalqaro rezervlarni boshqarish operatsiyalari doirasida sotib olinadigan va sotiladigan qimmatbaho metallarni hamda saqlanayotgan boshqa qimmatliklarni qabul qilish, saqlash, joʻnatish va hisobini yuritish bilan shugʻullanadi. U tomondan koʻrsatilgan maqsadlarda foydalaniladigan bino va obʼyektlar oʻta muhim obʼyektlar toifasiga kiradi va tegishlicha muhofaza qilinadi. MB tugatilayotgan Agentlikning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Bir oy muddatda hududlarga birja savdolarida sotiladigan qimmatbaho metallarni yetkazib berish mexanizmini joriy etishlari kerak.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 23.09.2020-yildan kuchga kirdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog